Xorijdagi yosh vatandoshlar: Milliy o‘zlik, Vatan tuyg‘usi va ma’naviy ko‘prik
30-iyul – Xalqlar do‘stligi xalqaro kuni
Vatan – inson qalbidagi eng muqaddas va bebaho tuyg‘u. Qayerda yashamaylik, qaysi yurtda ta’lim olib, mehnat qilmaylik, ona Vatanga bo‘lgan mehr qalblarimizni birlashtirib turadi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham yurtimizning xalqaro maydondagi imijini yanada mustahkamlash, xorijda yashovchi hamyurtlarimizning Vatan bilan munosabatlarini faollashtirishga qaratilgan bir qator muhim vazifalar belgilangan.
«Vatandoshlar» jamoat fondi hamda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamkorligida «Bir Vatan, bir millat, bir yurak» shiori ostida amalga oshirilayotgan «Anor» loyihasi xorijda yashayotgan yosh vatandoshlarimizni O‘zbekistonga yanada yaqinlashtirib, ularning ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, boy tariximiz va madaniyatimizga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida Qatar, Italiya, Niderlandiya, AQSH, Gretsiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 14 ta davlatda istiqomat qiluvchi 250 ga yaqin vatandoshimizning 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari «Yangi O‘zbekiston» bolalar yozgi oromgohida maroqli hordiq chiqarmoqda.
Kuni kecha mazkur oromgohda bo‘lib, xorijlik yosh vatandoshlarimizning O‘zbekiston tarixiga, uning madaniy va ma’naviy merosiga, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizga qiziqishi juda kuchli ekaniga guvoh bo‘ldik. Oromgohdagi guruhlarga buyuk allomalarimiz hamda jadid bobolarimiz nomlari berilgani e’tiborni tortadi. Masalan, Fitrat nomi bilan atalgan guruh a’zolari «O‘zligimizni anglaylik, Vatanimizni sevaylik!» shiori ostida, Avloniy guruhidagi o‘g‘il-qizlar esa «Yaxshi tarbiya – baxtli kelajak» shiori ostida ma’rifatparvar bobolarimizning hayoti, faoliyati va ijodi bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, Behbudiy, Cho‘lpon, Qodiriy, Munavvarqori kabi ma’rifatparvarlarimiz haqidagi tarixiy haqiqatlar xorijdagi yosh vatandoshlarimiz uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizning o‘zbek tilidagi savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida tashkil etilgan «Ommaviy diktant», o‘zbek tilining nufuzini oshirishga qaratilgan «O‘zbekcha 24/7» chorlovi, «O‘zbekchasi bor-ku!», «Bexato yoz», «Sof o‘zbek tilida» kabi aksiyalar, o‘zbek tili mahorat darslari hamda «O‘z tilim – o‘zligim» mavzusidagi munozaralarda o‘g‘il-qizlar juda faol ishtirok etdi. Yoshlar tomonidan o‘zbek tilida yozilgan diktantlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularning aksariyati bexato yozilganidan quvondik.

Bolalarning «Men ham «Tong yulduzi»ga Vatan haqida maqola yozsam bo‘ladimi?» degan samimiy so‘zlaridan ruhlanib, Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yoshlar o‘rtasida «Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!» mavzusida insholar tanlovini e’lon qildik. Ishtirokchilarning ijodiy ishlarida Vatan sog‘inchi va Vatan tuyg‘usi barcha hissiyotlardan ustun ekani, dunyoda mamlakatlar ko‘p bo‘lsa-da, O‘zbekiston yakka-yu yagona ekani alohida e’tirof etilgan.
Jumladan, Mohigul ismli qizimiz: «Men O‘zbekistonda yashashni, bu yerda o‘qishni va faoliyat yuritishni juda xohlayman. O‘zbek ekanimdan faxrlanaman», deb yozadi. Xadichabonu esa: «Eng katta orzum – O‘zbekistonda shifokorlikka o‘qish», deydi. Qozog‘istonlik Robiya Habibullayeva: «Nasib bo‘lsa, kelajagimni o‘z Vatanim – O‘zbekiston bilan bog‘lamoqchiman. Menga yurtimizning tinchligi, musaffo osmoni va mehribon insonlari yoqadi», deya ta’kidlaydi.

Tojikistonlik Mashhura: «Ilk bor O‘zbekistonga kelganimda, Vatan tuyg‘usini his qilganman», desa, qirg‘izistonlik Shabnam: «O‘zbek tilini juda yaxshi ko‘raman. O‘zbek shoirlarining she’rlarini o‘qish yoqadi, o‘zim ham she’rlar yozaman», deydi. Qozog‘istonlik Rayhona Fayzullayeva esa: «Millatimizning erta tongda darvozalarni ochib qo‘yish, dasturxonga kattalardan oldin qo‘l uzatmaslik, kattaga hurmat, kichikka izzatda bo‘lish kabi milliy qadriyat va urf-odatlari menda katta faxr uyg‘otadi», deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.
Bu kabi samimiy fikr va yorqin taassurotlarni har bir ishtirokchining inshosida o‘qish mumkin.

Qalbida milliy g‘urur hissi va Vatan tuyg‘usi jo‘sh urib turgan xorijlik yosh vatandoshlarimiz bilan xayrlashar ekanmiz, ko‘nglimizdan bir haqiqat o‘tdi: Vatanni sevish uchun uning bag‘rida yashashning o‘zi kifoya emas – uni qalbda asrash kerak. Zero, Vatan – bizning o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimizdir.
Feruza SOYIBJON qizi,
jurnalist