Poliklinikada ba’zan dori ta’minotida uzilishlar kuzatiladi
Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot muassasalarida zarur shart-sharoitlarni yaratish bugungi ijtimoiy yo‘nalishdagi islohotlarning muhim masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Bu borada hududlarda qator sa’y-harakatlar amalga oshirilib, aholiga qulay, tezkor va samarali tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 5-son oilaviy poliklinikada ham zarur sharoitlar muhayyo qilingan bo‘lib, 7 ta mahalladagi 23 ming 100 nafar aholiga hamda 4 ta maktab o‘quvchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Olga Litvinova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi raisi Aziz Sattorov, Yoshlar parlamenti a’zosi Artur Azegovlar ushbu poliklinikada bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muassasa rahbariyati, shifokorlar va bemorlar bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi.
Muloqot davomida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifati, kadrlar salohiyati, dori vositalari, moddiy-texnik baza va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinganidek, poliklinika 1969-yilda barpo etilgan. Bugungi kunda 7 ta mahallaning aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Poliklinikada 10 o‘rinli kunduzgi statsionar faoliyat yuritmoqda. Bemorlar tibbiy xizmat sifatini ijobiy baholadi. Imtiyozga ega fuqarolar “Dori-darmon” dorixonasi orqali bepul dori bilan ta’minlanmoqda.
Poliklinika aholiga birlamchi tibbiy xizmatni barqaror tashkil etib kelayotgani e’tirof etildi. Ammo shu bilan birga, ayrim kamchiliklar borligi aytib o‘tildi. Jumladan, muassasa oilaviy shifokorlar va hamshiralar bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lsa-da, jarroh va travmatolog mutaxassislarga ehtiyoj mavjud, rentgen xonasi yo‘q. Ba’zan dori ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Eskirgan tibbiy jihozlarni yangilash, yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiyalarini ta’mirlash zarurligi qayd etildi.
M.Komilova,
O‘zA