Birlik va bag‘rikenglik – Yangi O‘zbekistonning bebaho boyligi
Dunyoning turli nuqtalarida geosiyosiy tebranishlar va millatlararo ziddiyatlar kuzatilayotgan bugungi murakkab davrda barqarorlik va ijtimoiy ahillikni saqlab qolish har bir davlat uchun eng ustuvor vazifaga aylandi. 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni arafasida davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigi shunchaki shukronalik so‘zlari emas, balki mamlakatimizda qaror topgan yagona va ahil jamiyatning aniq ko‘rinishi hamda strategik nigohidir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya bugun quruq shior emas, balki millionlab vatandoshlarimizning kundalik hayot tarzi, jamiyatimizning bosh harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
O‘zbekiston zamini azaldan turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va e’tiqodlar tutashgan bag‘rikeng manzil bo‘lib kelgan. Sinovli kunlarda boshqa millat vakillariga o‘z uyidan joy berib, bir burda nonini baham ko‘rgan xalqimizning olijanob qadriyatlari bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash institutsional asosda amalga oshirilmoqda. Sohada qabul qilingan normativ -huquqiy hujjatlar va millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi yurtimizda yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillarining huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan mustahkam qalqondir.
Yaratilgan bunday bag‘rikeng muhitni yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari o‘z hayotlarida har kuni his etmoqda. Masalan, rus millatiga mansub o‘qituvchi shunday deydi: “Men O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sdim. Bu yerda rus tilida erkin muloqot qilishimiz, farzandlarimizning o‘z ona tilida sifatli ta’lim olishi va bayramlarimizni nishonlashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘zbekistondagi 157 ta milliy madaniy markaz va maktablarda 7 tilda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilganining o‘zi turli millat vakillariga bo‘lgan yuksak e’tibor va hurmatning yorqin isbotidir”.
Darhaqiqat, yurtimizda ommaviy axborot vositalari orqali turli tilda ko‘rsatuvlar uzatilib, gazeta va jurnallar nashr etilayotgani har bir millatning o‘z madaniyatini avaylab-asrashiga xizmat qilmoqda. Poytaxtimizdagi milliy madaniy markazlar paviloni, “Yangi O‘zbekiston” parkidagi “Bag‘rikenglik bog‘i” hamda hududlardagi etno va sayyohlik qishloqlari jamiyatimizning rang-barang madaniy qiyofasini namoyon etmoqda.
Sohadagi islohotlar faqatgina madaniy soha bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy va siyosiy hayotda ham o‘z ifodasini topmoqda. Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasidan o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli olimlar, san’atkorlar va tadbirkorlar yetishib chiqdi. Ularning 2 ming nafarga yaqini davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangani inson qadri har narsadan ustun ekanini ko‘rsatadi.
Turli madaniyatlarni birlashtiruvchi eng kuchli vosita – bu san’atdir. Davlatimiz rahbari tomonidan turli millat va elat vakillaridan iborat professional “Do‘stlik” ansamblini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani umumbashariy birlik va ahillikka xizmat qiluvchi muhim ijodiy qadam bo‘ladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning millatlararo totuvlik borasidagi modeli nafaqat mamlakat ichida, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. Bordi-keldilarning erkinlashgani, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning kengaygani mintaqa xalqlarining azaliy orzulari ro‘yobga chiqayotganidan dalolat beradi.
Qozoq millatiga mansub tanishim mintaqaviy do‘stlik va kelajak haqida to‘xtalib shunday deydi, “Markaziy Osiyo xalqlarining qadimdan mushtarak maqsadlar asosida yashab kelganini yaxshi bilamiz. Oxirgi yillarda qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarning ochilishi, erkin bordi-keldining yo‘lga qo‘yilgani oilalarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamladi. Biz yagona kelajak, yagona maqsad yo‘lida birlashganmiz”.
Xalqlar do‘stligi – bu shunchaki bayram yoki tashqi ko‘rinish emas, balki muqaddas insoniy qadriyat, yurtimiz tinchligi, erkinligi va farovonligining mustahkam kafolatidir. Barcha millat va elat vakillarining yagona maqsad va yagona Vatan tuyg‘usi atrofida jipslashishi Yangi O‘zbekistonning yuksak marralarni zabt etishida bosh omil bo‘lib xizmat qilaveradi.
A.G‘afforov,
O‘zA