Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tarixda ilk bor yo‘llanma olgani hamon ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborida. Turli nashrlar bu yutuqni nafaqat sport muvaffaqiyati, balki mamlakat futboli taraqqiyotining yangi bosqichi sifatida baholamoqda.
Buyuk Britaniyaning “London Post” nashri O‘zbekiston terma jamoasi mundialga yo‘l olishini “Sharqning yangi futbol eposi” deya ta’rifladi. Maqolada “Oq bo‘rilar” laqabi bilan tanilgan jamoamiz so‘nggi yillarda izchil kuchayib, qit’a miqyosida jiddiy jamoalardan biriga aylangani ta’kidlangan. Intizomli o‘yin, taktik yetuklik va yosh iste’dodlar mahorati tarixiy natija omili sifatida ko‘rsatilgan.
Ozarbayjon Milliy axborot agentligi materialida esa O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida faqat ishtirok etish bilan cheklanib qolmasligi qayd etilgan. Jamoa oldiga yuqori maqsad qo‘yilgani, mundialda munosib ishtirok etish uchun yetarli salohiyat shakllanganiga urg‘u berilgan. Shuningdek, mamlakatda futbol infratuzilmasi, akademiya va yoshlar tayyorgarligiga qaratilayotgan e’tibor alohida qayd etilgan.
Senegalning “La Vie Sénégalaise” nashri ham O‘zbekiston futboli yutuqlarini keng yoritgan. Jumladan, bu muvaffaqiyatni butun Markaziy Osiyo futboli uchun muhim voqea sifatida baholab, yurtimizning jahon futboli xaritasidagi o‘rni mustahkamlanayotganini ta’kidlagan. Jamoaning ko‘p yillik mehnati, murabbiylar va futbolchilar qat’iyati yuqori baholangan.
D.Hakimov, O‘zA