Rossiya mamlakatda yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
RF davlat Dumasi mudofaa qo‘mitasi a’zosi Andrey Kolesnikning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan mahkumlar toifalarini kengaytiruvchi qonunning harbiy holat e’lon qilinishi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. U shuningdek, o‘lkada yangi safarbarlik holati bo‘lmasligini ma’lum qildi.
- Yangi safarbarlik to‘lqini haqida hech qanday gap yo‘q, men bu haqda eshitmadim. Shartnoma asosidagi askarlar ham, ko‘ngillilar ham o‘z vatanini himoya qilish uchun kuchlarini birlashtirmoqda. Yurtni himoya qilish sharafli burch. Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan qonunning safarbarlik bilan hech qanday aloqasi yo‘q, -deb ta’kidladi Kolesnik.
Shu bilan birga, u Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning bayonotlarini “ularning ichki tashviqoti” deb atadi.
Safarbarlik haqidagi mish-mishlar tarqalgandan keyin ruslar mamlakatdan chiqib ketish yo‘llarini ommaviy ravishda qidira boshlagani haqida xabarlar tarqalmoqda.
2026-yil iyun oyida ruslar mamlakatdan chiqib ketish bilan bog‘liq qidiruv so‘rovlari soni bo‘yicha rekord o‘rnatishdi. “Yandeks” va “Google Trends” ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, “vizasiz qayerga borish mumkin?”, “pasport olish qancha vaqt oladi?”, “chiqish ruxsatnomasi” kabi so‘rovlar nizo boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetgan.

Qiziqishning bu o‘sishi yoqilg‘i inqirozi, Ukraina dronlarining RF shaharlariga hujumlari va yangi safarbarlik haqidagi mish-mishlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA