Venesuela Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasidan chiqishini e’lon qildi
Venesuela tashqi ishlar vaziri Feliks Plasensia Gaagada joylashgan sudni Global Janub mamlakatlariga nisbatan “geografik biryoqlamalik”da aybladi.
Mamlakat hukumati juma kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga o‘lkaning Xalqaro jinoyat sudi (XJS)dan doimiy ravishda chiqish jarayonini boshlagani haqida rasmiy bildirishnoma yuborganini ma’lum qildi.
“Anadolu” axborot agentligi yozishicha, bu qaror davlat Milliy assambleyasi tomonidan Rim statuti – Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudini ta’sis etgan asosiy xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilishni bekor qilish haqidagi qaror qabul qilinganidan keyin amaliy bosqichga o‘tgan.

– Venesuela sud faoliyati asosan, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlariga qaratilib, Global Janub mamlakatlari manfaatlariga zarar yetkazayotganini hisoblaydi, -dedi Feliks Plasensia. – Bu esa xalqaro adolat tizimi teng va xolis qo‘llanilmayotganini, aksincha, xalqlar o‘rtasidagi tengsizlikni chuqurlashtirish hamda ularning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va suverenitet huquqini e’tiborsiz qoldirish vositasiga aylanganini ko‘rsatadi.
U shuningdek, Xalqaro jinoyat sudini Venesuela xalqiga qarshi “huquqiy urush” (lawfare) olib borish va xalqaro huquq bilan bog‘liq bo‘lmagan siyosiy manfaatlarga xizmat qilishda aybladi.
– Biz xalqlarning suvereniteti va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qiladigan, haqiqatan ham adolatli xalqaro huquq tizimiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz, -dedi u.
Venesuelaning Rim statutidan chiqish haqidagi qaroriga qaramay, Xalqaro jinoyat sudi prokuraturasi 2021-yilda mamlakatda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgani haqida ochilgan tergov sud yurisdiksiyasi doirasida davom etishini ma’lum qildi.
O‘.Alimov, O‘zA