Milliy sertifikat olish imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tishdagi o‘zgarishlar yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Milliy sertifikat olish imtihonlari ta’lim tizimida pedagoglar va mutaxassislarning bilim va malakasini baholashning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.
Shu bois mazkur imtihonlarda ishtirok etish uchun yaratilgan shart-sharoit, xususan, ro‘yxatdan o‘tish jarayonining ochiqligi va talabgorlar uchun teng imkoniyatlarning ta’minlanishi alohida ahamiyatga ega.
Milliy sertifikat olish imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish ayrim hududlarda juda qisqa vaqt ichida yopilib qolgani ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar, pedagoglar va boshqa talabgorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, ro‘yxatdan o‘tishda nafaqat ariza topshirishning umumiy muddati, balki talabgor tanlagan hudud uchun ajratilgan o‘rinlar soni ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki umumiy muddat hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, muayyan hudud uchun ajratilgan o‘rinlar to‘lib qolgan taqdirda, ushbu hududda boshqa talabgorlar ro‘yxatdan o‘tolmasligiga olib keladi.
Keng jamoatchilikda bunday amaliyot o‘rinlar soni qanday mezonlar asosida belgilanayotgani, ushbu mezonlar real talabni qanchalik aks ettirayotgani va talabgorlarning imtihonda qatnashish imkoniyatlari teng ta’minlanayotgani yoki aksincha ta’minlanmayotgani haqida o‘rinli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu mavzu keng muhokamalarga sabab bo‘lganligini inobatga olib, Oliy Majlis Senati a’zosi Q.Tursunov Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori M.Karimovga senator so‘rovi bilan murojaat qildi.
Senator hudud va fanlar kesimida o‘rinlar ajratishda qanday mezonlar qo‘llanilishi hamda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida o‘rinlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘riladigan texnik va tashkiliy choralar yuzasidan tushuntirishlar berishni so‘ragan.
Bundan tashqari, har bir hudud uchun o‘rinlar sonini belgilashda potensial talabgorlar soni hisobga olinishi, basharti bir hududda ajratilgan o‘rinlar to‘lganda, boshqa hududlarda esa bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu o‘rinlarni talab yuqori bo‘lgan hududlarga qayta taqsimlash imkoniyati bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish, shuningdek, qo‘shimcha o‘rinlar yoki qo‘shimcha imtihonlar tashkil etish hamda imtihonlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida asoslantirilgan javob berish ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur senator so‘roviga javob qonunda belgilangan tartibda o‘n kun ichida beriladi.
N.Abduraimova, O‘zA