Xorazmda "Rahbar kubogi" musobaqalari
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxonalar va tashkilotlarda xodimlarni jismoniy rivojlantirish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tarbiya ko‘nikmasini shakllantirish va sportning ommaviyligini ta’minlash maqsadida hududlar bo‘yicha barcha korxona va tashkilotlar, davlat muassasalari xodimlari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha “Bosh vazir kubogi”, “Hokim kubogi”, “Rahbar kubogi” kabi musobaqalarni o‘tkazish belgilangan.
Ana shunday musobaqalardan biri –"Rahbar kubogi" Xorazm viloyatida uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Urganch shahar "Yoshlik" sport majmuasida mini-futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada viloyatning bir qator tashkilotlari o‘z jamoalari bilan qatnashdi.
Tashkilot jamoalari o‘rtasidagi bahslarda Xorazm viloyati Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi jamoasi "Yangibozor" jamoasini 6:1 hisobida mag‘lub etib, kubokni qo‘lga kiritdi.


N.Rahmonova, O‘zA muxbiri