Xorazmda navbatdagi jigar transplantatsiyasi amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi
Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida navbatdagi ikkita yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti – tirik donordan jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.
Amaliyotlar Respublika milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Jasur Sobirov rahbarligida mahalliy mutaxassislar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
– Jigarning og‘ir surunkali kasalliklari bilan davolanayotgan ikki nafar bemorga yaqin qarindoshlari donorlik qildi, – deydi Jasur Sobirov. – Ayni paytda donor va retsipiyentlarning salomatligi mutaxassislar tomonidan muntazam nazorat qilinib, ularga belgilangan tartibda davolash va reabilitatsiya tadbirlari olib borilmoqda.

Inson qadri va uning salomatligi Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning eng ustuvor mezonlaridan biridir. Ahamiyatlisi, o‘tkazilgan har ikkala transplantatsiya amaliyoti ham Prezidentimizning tegishli farmoni asosida amalga oshirilib, ular bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplab berildi.
Bugun mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi hamda yuqori malakali mutaxassislar salohiyatining yuksalishi natijasida ilgari faqat poytaxtda yoki xorijda o‘tkazilgan murakkab tibbiy amaliyotlarni hududlarning o‘zida bajarish imkoniyati tobora kengayib bormoqda.

– So‘nggi yillarda Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Markaz bosh shifokori Sodiqjon Sodiqov. – Muassasamiz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va yangi apparatura bilan jihozlandi. Shu bilan birga, shifokorlarning yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar mutaxassislarning kasbiy va amaliy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Jigar transplantatsiyasi kabi murakkab operatsiyalarning Xorazmda izchil amalga oshirilayotgani hudud tibbiyot salohiyati yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Qayd etish kerak, Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jamoasi erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, transplantologiya, yuqori texnologik jarrohlik va boshqa zamonaviy tibbiy yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri