Yomg‘ir – foydalanilmayotgan bepul suv manbai
Global iqlim o‘zgarishi, muzliklarning erishi va aholi sonining shiddat bilan ko‘payishi tufayli suv inqirozi allaqachon eshik qoqib turibdi. Ayniqsa, biz yashab turgan Markaziy Osiyo mintaqasi suv taqchilligi xavfi eng yuqori bo‘lgan hududlardan biri sanaladi. Agar bugun suvdan foydalanish madaniyatimizni o‘zgartirmasak, ertaga jamiyat quyidagi eng katta muammolarga duch keladi.Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i Muhsiddin Nizomiddinov buni teran anglagan holda ajoyib tajribaga qo‘l urdi.
– Toshkent viloyati Parkent tumanidagi ustozimning xonadonida aynan shu g‘oya asosida kichik, ammo amaliy tajribani boshladik, – deydi Muhsiddin Nizomiddinov. – Maqsadimiz oddiy edi, tomdan oqib ketayotgan yomg‘ir suvini shunchaki kanalizatsiyaga yoki ko‘chaga oqizib yubormasdan, uni yig‘ish, saqlash va ichimlik suvini talab qilmaydigan (texnik suv) ehtiyojlarda qayta foydalanish. Dastlab bu oddiy tajriba edi. Ammo tajriba natijalari bizga bu masalaga boshqacha qarash kerakligini ko‘rsatdi. Tomning maydoni taxminan 200 kvadrat metr, to‘rt burchagida yomg‘ir suvini chiqaruvchi siliflar mavjud. Hozircha ulardan faqat bittasi yig‘ish tizimiga ulangan. Aprel oyida yomg‘ir yog‘gan paytda, bir kunda faqat shu bitta silifdan taxminan 2 tonna, ya’ni 2 ming litr suv yig‘ildi.
Bu bilan ichimlik suvini asrayapmiz, shuningdek, yomg‘ir suvini foydali resursga aylantiryapmiz. Loyihaning yana bir muhim jihati yig‘ilgan suvni kerakli joylarga yetkazish uchun nasosdan foydalanilmoqda. Bu nasos esa quyosh panellari ishlab chiqaradigan elektr energiyasi orqali ishlaydi.

O‘zbekiston aholisi qariyb 39 million kishini tashkil etadi. Agar bir kishiga kuniga o‘rtacha 99 litr ichimlik suvi to‘g‘ri kelsa, bir kunda 39 million × 99 litr = ya’ni taxminan 3,861 million kub metr suv yig‘iladi. Bir yilga hisoblaganda esa bu taxminan 1,409 milliard kub metr bo‘ladi.
O‘zbekiston hududida yog‘ingarchilik miqdori hududlarga qarab farq qiladi. Lekin deyarli har bir hududda yomg‘ir yog‘adi. Bugungi kunda esa ko‘plab xonadonlarda tomdan tushayotgan yomg‘ir suvidan foydalanilmaydi. Agar tomdan tushadigan suv silif orqali rezervuarga yo‘naltirilsa, filtrdan o‘tkazilsa va xavfsiz foydalanish tizimi yaratilsa, xonadon o‘zining kichik suv zaxirasiga ega bo‘ladi. Kelajakdagi yangi uy-joy loyihalarida aynan shu imkoniyatni hisobga olish kerak. Maktab, bog‘cha va poliklinikalarda bundan ham katta imkoniyat bor.

Loyihaning biz uchun eng muhim jihatlaridan biri shundaki, ish faqat qurilmani o‘rnatish bilan to‘xtab qolmayapti. Amaliy tajriba bilan bir vaqtda qonunchilik bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasidagi deputatlar bilan birgalikda yomg‘ir suvini yig‘ish, undan samarali foydalanish va suvni tejash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilikka takliflar tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, loyihaning boshqaruv va samaradorlik jihatlarini rivojlantirishda Boshqaruv samaradorligi agentligining ko‘magi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Suv masalasi haqida faqat davlat idoralari emas, har birimiz o‘ylashimiz kerak. Bugun tomdan oqayotgan suvni biz “yomg‘ir” deb ko‘rishimiz mumkin. Ammo ertaga u ichimlik suvini tejagan 2 ming litr, 10 ming litr yoki millionlab litr suv bo‘lishi mumkin, – deydi Muhsiddin Nizomiddinov.
Gulnoza Boboyeva yozib oldi, O‘zA