Xorazmda markazlashgan ichimlik suv ta’minoti qamrovi kengaymoqda
Xorazm zaminida suv shunchaki tabiat in’omi emas, balki hayot manbaidir. Bu vohada suvni tejab ishlatish, uning har bir tomchisidan unumli foydalanish kishilar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Farovonlikka yuz tutayotgan diyorda aholi uchun so‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minotida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yangi uyg‘onish davrini boshlab berdi.
Bir paytlar xonadonlarga markazlashgan ichimlik suvining yetib borishi orzu edi. So‘nggi to‘qqiz yil davomida vohaning suv ta’minoti va oqova suv tizimini tubdan yangilashga 1,467 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bu shunchaki raqamlar emas, balki minglab xonadonlarning quvonchi, orzularning ro‘yobi va turmush farovonligining amaliy ifodasidir.
2016-yil holatiga ko‘ra, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 52,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mazkur ko‘rsatkich 92 foizga yetdi. Xususan, Qo‘shko‘pir tumani shahar va qishloqlarida ham xalqimiz turmush darajasi yuksalib, aholining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bilan qamrab olinganlik darajasining o‘sishi misolida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Tumanda 2016-yilda aholi xonadonlarining 43 foiziga obi hayot quvurlar orqali kirib borgan bo‘lsa, joriy 2026-yil boshida bu ko‘rsatkich 97 foizga yetdi. Bunga, albatta, ko‘plab davlat dasturlari bajarilib, o‘tgan 10 yil ichida qariyb 408 kilometr ichimlik suv tarmog‘i va 6 ta ichimlik suv inshooti bunyod etilishi natijasida erishildi.
Hukumatimizning ushbu siyosati joriy yilda ham izchil ro‘yobga chiqarilib, qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi tegishli qaroriga asosan Nezaxos mahallasining “Matonat” va “Ozodlik” ko‘chalarida 6 kilometr tarmoq tortilib, 268 ta xonadon ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
- Suv oqqan joyda unum bor, toza suv kirgan xonadonda esa qut-baraka va sog‘lik bo‘ladi, – deydi dono xalqimiz. Mahallamizda amalga oshirilgan ushbu islohot minglab insonlarning salomatligi, farzandlar kelajagi va hudud rivoji yo‘lida qo‘yilgan salmoqli qadamdir. “Nezaxos” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Boltayev. - Chekka hudud bo‘lgan mahallamizga markazlashgan suv tarmog‘ining yetib kelishi nafaqat turmush tarzini, balki hududning iqtisodiy qiyofasini ham o‘zgartirdi. Chunki, toza suv va zamonaviy infratuzilma bor joyda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik rivojlanadi. Eng muhimi, yoshlarimiz o‘z qishlog‘ida qolib, zamonaviy sharoitlarda yashash va mehnat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Tumanning Dovud mahallasida 500 metr kub ichimlik suvini saqlash quvvatiga ega inshoot qurib bitkazilishi natijasida mahallada yashovchi 3 ming 700 nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
- Biz yoshligimizda suvni 5-10 kilometrdan tashib kelar edik, - deydi 72 yoshli mehnat faxriysi Durdiboy ota Matkarimov. - Ariq suvini tindirib foydalangan kunlarimiz ham bo‘lgan. Yozning issig‘ida bolalarimiz toza suvga muhtojlik sezmaganini ko‘rish men uchun katta baxt. Jo‘mrakni ochsangiz, sharqirab toza suv oqib turibdi. Bu davlatimiz biz uchun yaratgan shunchaki qulaylik emas, balki insonga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik.
Tumanda farovon hayotning yana bir belgisi bo‘lgan oqova suv xizmatining ham yil sayin qamrovi kengayib borayotganligi haqida alohida to‘xtalish joiz. 2017-2025-yillar oralig‘ida qariyb 41 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va 2 ta inshoot qurildi. Joriy yilda esa sutkasiga 3 ming metr kub oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshootning qurib foydalanishga topshirilishi bilan kanalizatsiya suvining atrof-muhitga zararli ta’siriga to‘la barham berildi.
Shuningdek, tumanning “Yangi O‘zbekiston” massivida ham 20 kilometrdan ziyod ichimlik va oqova suv tarmoqlari bunyod etildi.
- Uchta farzandim bor, - deydi uy bekasi Onaposhsha Yusupova. - Ilgari kunimizning yarmi suv tashish, uni isitish va ro‘zg‘or ishlariga ajratish bilan o‘tardi. Ayniqsa, qish kunlarida ko‘chadan suv tashish juda og‘ir edi. Hozir esa uyimizda issiq va sovuq suv bor, kir yuvish mashinalarimiz bemalol ishlayapti. Kanalizatsiya ham yaxshi ishlayapti. Toza suv kirib kelishi bilan ro‘zg‘orimiz yengillashdi, farzandlarimiz sog‘ligi ham ancha yaxshilandi.
[gallery-32145]
Aholi turmushida bunday qulayliklar bo‘lishi uchun hukumatimiz tomonidan so‘nggi yillarda milliardlab mablag‘ sarflanib, bunyodkorliklar amalga oshirildi. Shuningdek, bu tizimlarning bundan keyin ham talab darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun yuzlab insonlar mehnat qilib, elektroenergiya va boshqa resurslar sarflanadi.
Biroq, ushbu ne’matning xonadonlarimizga bardavom kelib turishi uchun foydalanilgan ichimlik suvini ortiqcha sarflamaslik, oqova suv tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanishimiz lozim.
Ha, aytgancha, “Suv tekin emas!” deganlaridek, kommunal to‘lovlarini ham o‘z vaqtida amalga oshirib tursak, ayni muddao bo‘ladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari