Yuqori Machayning kuzgi manzaralari
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Yuqori Machay qishlog‘i o‘zining so‘lim tabiati, purviqor tog‘lari va betakror manzaralari bilan ajralib turadi. Tog‘lar bag‘rida joylashgan ushbu maskan har faslda o‘zgacha go‘zallik kasb etadi.
Ayni kunlarda Yuqori Machay kuzning oltin ranglariga burkangan. Tog‘ yonbag‘irlaridagi sarg‘aygan daraxtlar, qoyalar orasidan jildirab oqayotgan zilol suvlar va musaffo havo qishloqqa o‘zgacha joziba bag‘ishlamoqda. Olislarga tutashgan purviqor tog‘lar va kuzning rang-barang manzaralari esa bu maskanning tabiiy go‘zalligini yanada yaqqol namoyon etmoqda.
Yuqori Machay tabiati yilning to‘rt faslida ham o‘ziga xos. Bahorda yashillikka burkanadigan tog‘ yonbag‘irlari yozda salqin va so‘lim manzaralari, kuzda esa oltin va qirmizi ranglari bilan kishini maftun etadi.
Ayniqsa, kuzgi sokinlik, tog‘lar bag‘ridan esgan mayin shabada va soy suvlarining shildirashi bu maskanga kelganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Tabiatning bunday go‘zal manzaralari kishiga orom bag‘ishlab, unutilmas taassurot qoldiradi.
[gallery-32121]
Yuqori Machayning kuzgi qiyofasi Boysun tog‘lari tabiatining naqadar go‘zal va rang-barang ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA