Jizzaxda sanitar tozalash xizmati uchun 15 ta yangi texnika topshirildi
Jizzax viloyatida sanitariya tozaligi xizmatlari qamrovini kengaytirish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi. Hududlarga 15 ta zamonaviy, to‘liq elektr quvvatida harakatlanuvchi chiqindi tashish maxsus texnikalari foydalanishga topshirildi.
Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi mashinalarning har biri 8 kub metr sig‘imga ega. Ushbu texnikalar chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va sanitariya tozaligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Natijada aholi uchun toza va sog‘lom muhit yaratiladi.


Yangi texnikalarni jalb etish natijasida viloyatda sanitar tozalash xizmatlari qamrovini 70 foizdan 77 foizga yetkazish, qo‘shimcha 120 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilmoqda.
Yangi texnikalarning 10 tasi “Toza hudud” DUK, 5 tasi esa “Eko-sfera” MCHJ tasarrufiga berildi. Bu esa chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish va hududlarda sanitar-ekologik holatni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.


Zero, zamonaviy va ekologik jihatdan samarali texnikalardan foydalanish nafaqat chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, balki aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish va atrof-muhitni asrashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri