Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Chorshanba – favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘inlar profilaktikasi kuni” doirasida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan seminar tashkil etildi.

Unda talabalarga yong‘in xavfsizligi qoidalari, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish hamda talabalar turar joylarida elektr va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muhim tushunchalar berildi.

Shuningdek, ogohlikni oshirishga qaratilgan maxsus profilaktik videoroliklar namoyish etildi.
***
Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ko‘pal Tangriberdiyev rahbarligida viloyat davolash-profilaktika muassasalari, tuman-shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, tizim faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli qat’iy topshiriqlar berildi.
***
Qo‘shko‘pir tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, intellektual salohiyatini oshirish hamda ularni maktab ta’limiga tayyorlashga qaratilgan mashg‘ulotlar izchil olib borilmoqda.

Mashg‘ulotlar jarayonida bolalarning yosh xususiyatlari inobatga olinib, turli didaktik o‘yinlar, qiziqarli topshiriqlar va interfaol usullardan foydalanilmoqda. Bu esa tarbiyalanuvchilarning mustaqil fikrlashi, nutqi, ijodkorligi va atrof-muhit haqidagi tasavvurlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
***
Poytaxtimiz Toshkentda o‘tkazilayotgan gandbol bo‘yicha ayollar jamoalari o‘rtasida tashkil etilgan 2026 Women's IHF Nations Trophy Asia – Zone 3 bosqichining ikkinchi kunining oxirgi bahsida O‘zbekiston va Pokiston jamoalari maydonga tushdi. Bu gal ham qizlarimiz raqibalariga imkon qoldirmadi. Gandbolchilarimiz 46:8 hisobida yutuqqa erishdi.

Xorazm viloyati sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi vakilasi Ilmira Bayjanova mazkur uchrashuvning “Eng yaxshi o‘yinchisi” deb topildi.
A.Shokirov, O‘zA muxbiri