Xonadonbay ishlash raqamlarda emas, oilalar hayotida sezilyapti
Yangiyer shahrida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7 foizdan 3,1 foizga tushirildi. Bunga kambag‘al oilalarni aniqlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati va mehnat salohiyatini o‘rganish, har bir xonadon uchun alohida chora-tadbirlar belgilash orqali erishildi.
Joriy yilning sakkiz oyida shaharda 542 ta kambag‘al oila barqaror bandlik va daromadini oshirishga qaratilgan 801 ta xizmat bilan qamrab olindi. Natijada 256 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 91 nafarga imtiyozli kredit ajratildi. 439 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi, 6 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.
Bu haqda Yangiyer shahar hokimligida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Shahar hokimi o‘rinbosari Sarvar Po‘latovning ma’lum qilishicha, 2026-yilda Yangiyer shahrida 341 ta kambag‘al oila va 1 ming 300 nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Buning uchun oilalar muammosini aniqlash bilan birga, ularning mavjud imkoniyatlarini ishga solishga ham e’tibor qaratilgan.
Xususan, har bir xonadonda mehnatga layoqatli aholining bandligi, kasbiy ko‘nikmalari, tadbirkorlikka qiziqishi va daromad topish imkoniyatlari o‘rganildi. Natijaga qarab fuqaroni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kredit, subsidiya yoki ssuda ajratish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Bunda asosiy e’tibor ajratilgan mablag‘ yoki ko‘rsatilgan xizmatga emas, uning oilaga qanday naf berganiga qaratiladi. Ya’ni fuqaro ishga joylashdimi, tadbirkorlikni boshladimi, xonadonda barqaror daromad manbai paydo bo‘ldimi — asosiy natija shu bilan belgilanadi.
[gallery-31471]
Ayni paytda Kambag‘allik reyestriga kiritilgan 399 ta oilaning 198 tasiga shahar tashkilotlarining 41 nafar rahbari va ularning o‘rinbosarlari biriktirilgan. Mas’ullar xonadonlarga borib, oilalarning ehtiyoj va muammolari bilan bir qatorda, mavjud salohiyatini ham o‘rgandi.
Bir xonadon uchun doimiy ish o‘rni muhim bo‘lsa, boshqasida kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoj bor. Yana bir oilada tadbirkorlik g‘oyasi mavjud bo‘lib, uni amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak talab etilishi mumkin. Shuning uchun har bir xonadonga bir xil emas, uning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda yondashiladi. Bu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida shaharda maxsus shtab tuzildi. Mahallalarga shahar tashkilotlari rahbarlari va mas’ul xodimlar biriktirilib, xonadonma-xonadon o‘rganish ishlari olib borilyapti. Aniqlangan masalalarni joyida hal etish, aholini daromadli mehnatga yo‘naltirish va oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralar belgilanadi. Shahardagi bu ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bilan uyg‘un holda davom ettirilmoqda. Unda har bir oila bilan manzilli ishlash, aholini doimiy daromad manbalari bilan ta’minlash va mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi yondashuvda kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy yordam nuqtai nazaridan emas, balki oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash, ish o‘rni va zarur sharoit yaratish bilan bog‘liq kompleks vazifa sifatida qaralmoqda. Yangiyerdagi natijalar ham shu yondashuvning amaliy ko‘rinishidir. Kambag‘allik darajasining 7 foizdan 3,1 foizga tushirilgani, yuzlab fuqarolarning doimiy ish va daromad manbaiga ega bo‘lgani xonadonbay ishlashda asosiy e’tibor natijaga qaratilganini ko‘rsatadi.
Yil yakuniga qadar shaharni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish vazifasi belgilangan. Buning uchun xonadonbay o‘rganishlar, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligi, tadbirkorlik, kreditlash va xonadonbay ishlash tizimiga oid savollar berildi. Mas’ullar ularga javob qaytarishdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA