Jasorat maktablari: bilim va tarbiya uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
Respublikamizning 208 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan «Jasorat maktablari»da yangi o‘quv yili boshlandi. Ushbu sinflarda yoshlarga puxta bilim berish barobarida ularni intizomli, mas’uliyatli va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga e’tibor qaratilgan.
«Jasorat maktablari»ni tashkil etishga huquqiy asos sifatida 2024-yil 15-noyabrda davlatimiz rahbarining «O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat asosida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tizim yo‘lga qo‘yildi.
Surxondaryo viloyatining barcha 15 ta tuman va shahrida bittadan «Jasorat maktabi» sinfi tashkil etilgan.
[gallery-31458]
Denov tumanidagi 100-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi sinfda 26 nafar o‘g‘il-qiz tahsil oladi. Ular matematika, tarix, fizika, chet tili, jismoniy tarbiya hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlarini chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘rganadi.
O‘quv jarayoni nazariy mashg‘ulotlar bilan cheklanmaydi. O‘quv yili davomida harbiy poligonlarda ikki marta, har chorakda esa harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shaxmat va shashka to‘garaklari, kitobxonlik saboqlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Sinf uchun alohida o‘quv xonasi ajratilgan, zarur sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlarning tartib va intizom asosida tashkil etilishi o‘quvchilarda mas’uliyat va jamoaviylik ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ular orasida kelajakda harbiy sohani tanlashni maqsad qilgan yoshlar ham ko‘p. «Jasorat maktabi» o‘quvchisi Jasmina Jabborova bolaligidan Vatanga xizmat qilishni orzu qilgan. Bugun u mazkur sinfda tahsil olib, o‘z maqsadi sari intilayapti.
«Jasorat maktablari»da ta’lim 5-sinfdan 11-sinfgacha davom etadi. Har yili 4-sinfni tamomlagan 26 nafar o‘quvchi test va jismoniy sinovlar asosida tanlov bilan qabul qilinadi.
Shuningdek, maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan hamda «Vatan tayanchi» otryadi a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan oliy harbiy va yuridik ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA