Marg‘ilon — atlaslar shahrida bayram shukuhi
FOTOREPORTAJ
Marg‘ilon shahridagi “Vodiy gavhari” — “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida VII xalqaro “Atlas bayrami” festivali doirasida xalq sayillari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Qadimiy va navqiron Marg‘ilonning o‘ziga xos muhiti, milliy hunarmandchilik an’analari va boy madaniyati mujassam bo‘lgan ushbu maskanda yurtimiz va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar jam bo‘ldi. Bayramona bezatilgan hududda milliy liboslar, rang-barang atlas va adras matolari, hunarmandlar mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Festival doirasidagi xalq sayillarida milliy urf-odat va qadriyatlarimiz, an’anaviy hunarmandchilik namunalari, musiqa va san’at chiqishlari keng namoyish etilmoqda. Ayniqsa, Marg‘ilon atlasining betakror jilosi, milliy liboslardagi ranglar uyg‘unligi bayramga alohida fayz bag‘ishlamoqda.
[gallery-31487]
Sayil maydonida hunarmandlar o‘z mahoratini namoyish etib, ipak mato to‘qish, unga rang berish va milliy naqshlarni yaratish jarayonlari bilan mehmonlarni tanishtirmoqda. Har bir buyumda asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunar, mehnat va yuksak did mujassam.
Turli hududlardan tashrif buyurgan ishtirokchilarning milliy liboslari, raqs va kuy-qo‘shiqlari festivalga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda. Sayilgohdagi jonlanish, bolalarning quvnoq kulgusi, hunarmandlar va mehmonlar o‘rtasidagi samimiy muloqotlar bayram muhitini yanada jozibador etmoqda.
“Atlas bayrami” milliy matolar va hunarmandchilik an’analarini targ‘ib etish, milliy madaniyat va san’atni keng namoyish etishga xizmat qilmoqda.
Marg‘ilonning qadimiy hunarmandchilik maktabi, atlas va adrasning betakror naqshlari, milliy san’at va xalq saylining shodumon manzaralari festivalning o‘ziga xos muhitini yaratmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA