Okean ortidagi o‘zbek qalbi: ona tilimda tinglagan allamning tarjimasi yo‘q
Amerikada yashayotgan o‘zbek onasi bilan ona tili, farzandlar tarbiyasi va milliy o‘zlik haqida suhbat.
Inson Vatandan uzoqlashishi mumkin. Hayoti boshqa mamlakatda davom etishi, farzandlari o‘zga tilda ta’lim olib, boshqa madaniy muhitda ulg‘ayishi mumkin. Ammo uning qalbida bolalikdan muhrlangan bir olam borki, uni na masofalar, na yillar, na begona muhit osongina o‘zgartira oladi. Bu — ona tili, oiladan meros bo‘lib qolgan qadriyatlar va insonni o‘z ildizlariga bog‘lab turadigan ma’naviy rishtalardir.
Vatandan uzoqda yashaganda o‘zbek tilining qadri boshqacharoq seziladimi? Ona tili faqat so‘zlashish vositasimi? Axir onamizning mehrini, bolalikda eshitgan allalarimizni, yaqinlarimiz bilan kechgan suhbatlarni, qalbimizdagi sog‘inchni qaysi tilda to‘liqroq ifoda etamiz? Ba’zi so‘zlarning ma’nosini boshqa tilda tushuntirish mumkin, ammo ularning qalbga yetib boradigan ohangi, tuyg‘usi va xotirasi faqat o‘z tilimizda jonlanadi.
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan AQSHda istiqomat qilib kelayotgan vatandoshimiz Lobar Usmonovani suhbatga chorladik. Suhbatimiz faqat bayram yoki tilga munosabat haqida emas, balki yanada muhim bir masala — xorijda ulg‘ayayotgan farzandlarga ona tilini, milliy o‘zlikni va ajdodlardan meros qadriyatlarni qanday yetkazish haqida kechdi. Suhbatdan shuni angladimki, inson qayerda yashamasin, o‘z tilini asrasa, o‘z ildizlari bilan bog‘liqlikni ham saqlab qoladi.
“Biror kunim o‘zbek tilisiz o‘tmaydi”
Amerikada istiqomat qilayotganimizga 20 yildan oshdi. Boshqa millat, boshqa elatlar orasidamiz. Ammo meni xursand qiladigan tomoni atrofimda o‘zbekcha gaplashadiganlar yetarli. Bu yerdagi o‘z oilam, dugonalarim bor. O‘zbekistondagi oilamga har kuni qo‘ng‘iroq qilaman. Ular bilan sog‘inchimni baham ko‘raman. Xullas, biror kunim o‘zbek tilisiz o‘tmaydi. Farzandlarimning to‘rtalasi ham Amerikada tug‘ilgan bo‘lsada, ularning O‘zbekiston borasida go‘zal tasavvurlari bor. Chunki ular haqiqiy o‘zbek ota-onaning farzandlari. Bolalarim ingliz tilida ravon gapirishi tabiiy. Shunday bo‘lsada bizning oiladagi muloqotimiz asosan o‘zbek tilida kechadi. O‘zbekcha so‘zlashuv biz uchun juda yoqimli va qulay. Qayerda yashamaylik, qaysi tilda so‘zlashmaylik, farzandlarim o‘z ildizlarini, kimning avlodi ekanini unutmasligini istayman. O‘zbek sifatida ona tilimizni avloddan-avlodga yetkazish mas’uliyati borligini his qilishlarini xohlayman.
— Demak, siz uchun ona tili faqat bugungi muloqot emas, kelajak avlodga qoldiriladigan ma’naviy meros ham ekanda? Farzandlaringizning o‘zbek tilini bilishi shunchaki til o‘rganish masalasimi yoki ularning o‘zligini anglashi bilan ham bog‘liqmi?
— Ha, men uchun o‘zbek tili o‘zligimning bir qismi. Chunki til orqali inson o‘z oilasi, tarixi va qadriyatlari bilan bog‘lanadi. Ona tilimda mening xotiralarim, baxtli bolaligim, uzoqda qolgan o‘tmishim mujassam. Onamning dil so‘zlarini, allasini ona tilida eshitib ulg‘aydim, otamning erkalashlarini ona tilida his qildim. Ona tilimda tinglagan allamning va otamning mehrini tarjimasi yo‘q. Men hamon yaqinlarim bilan bog‘lansam o‘z tilimda sog‘inchimni, hislarimni bayon etaman. Farzandlarimga O‘zbekiston haqida aytib bergan hikoyalarim ham o‘zbek tilida. Ularga o‘z tilimdagina hissiyotlarimni ta’riflay olaman. Bolalarim ingliz tilidan tashqari fransuz, nemis, ispan tillarini ham mukammal o‘zlashtirgan. O‘zbek tilini bilishi esa faqat qo‘shimcha til o‘rganishi emas, ular o‘zbek ota-onasini, o‘zbekona mehrni, qadriyatlarni dildan his qilishi uchun kerak.
Har bir tilda insonning qalbiga yaqin, alohida mehr bilan aytadigan so‘zlari bo‘ladi. O‘zbek tilidagi qaysi so‘zlarni Amerikada ham ko‘p ishlatasiz? Masalan, farzandlaringizni erkalatganda qaysi so‘zlar tilingizga tez-tez keladi?
— Qiziq savol ekan! Buni bolalarimdan ham so‘rashim kerak. Menimcha, “asalim”, “jonim”, “erkatoyim” degan so‘zlarni ko‘p ishlatsam kerak. Balki, aynan shu oddiy so‘zlarim bolalarim uchun o‘zbek tilining eng iliq xotiralaridan biriga aylanar. Chunki ularni shu kabi o‘zbekcha so‘zlar bilan erkalasam, ko‘zlarida o‘zgacha xursandchilikni ko‘raman. Ularni o‘zbekchada duo qilishim ham yoqadi. Aslida tilni asrash kundalik hayotdagi oddiy amallardan boshlanadi. Farzand bilan o‘zbekcha suhbatlashish, unga milliy ertaklarni aytib berish, bobo-momolarining tarixini tushuntirish, o‘zbek tilida erkalash — bularning barchasi tilning avlodlar o‘rtasida yashashiga xizmat qiladi.
Bu suhbatdan olgan xulosamga ko‘ra, xorijda yashash o‘zlikdan voz kechish degani emas. Boshqa tilni o‘rganish, yangi muhitga moslashish va zamonaviy dunyo bilan hamqadam bo‘lish mumkin. Bu jarayonda ona tilini oila hayotining tabiiy qismi sifatida saqlab qolish ham zarur. Bayram bahonasida o‘zbek tilining nufuzi, imkoniyatlari va kelajagi haqida ko‘p gapiramiz. Ammo uning ertangi kuni har bir oilada, har bir farzandning tilida ham davom etadi. Chunki tilni faqat bugun gapirayotganlar emas, uni ertaga ham gapiradigan avlodlar asrab qoladi.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.