Xitoyning global boshqaruv tashabbusi: adolatli dunyo tartibi sari qadam
Pekinda Xitoy Davlat kengashi Matbuot devoni tomonidan “Yanada adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini shakllantirish: Xitoyning konsepsiyalari, tashabbuslari va harakatlari” nomli Oq kitob e’lon qilindi.
Hujjatda bugungi murakkab xalqaro sharoitda global boshqaruvni takomillashtirish, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va umumiy taraqqiyotni ta’minlashga doir yondashuvlar o‘z ifodasini topgan.
Oq kitobda ta’kidlanishicha, global boshqaruv insoniyat farovonligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, adolatli va muvozanatli xalqaro tizimni shakllantirish barcha davlatlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy o‘zini global boshqaruv jarayonlarining faol ishtirokchisi va amaliy hissa qo‘shuvchi mamlakat sifatida namoyon etmoqda.
Hujjatda Xitoy Raisi Si Szinpin ilgari surgan insoniyat taqdiri mushtarak hamjamiyati konsepsiyasi hamda haqiqiy multilateralizm tamoyillari alohida qayd etilgan. Ushbu yondashuv xalqaro munosabatlarda tenglikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy globallashuv samaralaridan barcha manfaatdor tomonlarning bahramand bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Ayni paytda dunyo turli geosiyosiy qarama-qarshiliklar, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi kabi murakkab sinovlarga duch kelayotgan bir sharoitda global muammolarni bir davlat yoki mintaqa doirasida hal etish imkoni cheklangani tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu bois xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy o‘rnini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oq kitobda BMT nizomi maqsad va tamoyillariga tayangan xalqaro huquq tizimini qo‘llab-quvvatlash, davlatlar suveren tengligini ta’minlash hamda taraqqiyotdagi tafovutlarni qisqartirish global boshqaruvni isloh qilishning muhim shartlari sifatida baholangan.
Mazkur yondashuvlar O‘zbekiston tashqi siyosatida ilgari surilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyillari bilan ham uyg‘unlik kasb etadi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
Ekspertlar fikricha, global boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonchni mustahkamlash, rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini kengroq hisobga olish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Shu ma’noda, Xitoyning mazkur Oq kitobi global boshqaruvning kelajagi haqidagi xalqaro muhokamalarga yangi mazmun bag‘ishlashi, adolatli va barqaror dunyo tartibini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA