Milliy qadriyatlar milliy g‘ururni uyg‘otadi
Termizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida “Milliy qadriyatlar va zamonaviy tafakkur uyg‘unligi” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.
Unda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat va Termiz shahar kengashlaridan saylangan deputatlar, viloyat turizm, madaniy meros, yoshlar ishlari agentligi va “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Zebuniso Alimardonova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Xo‘jaqulov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda milliy qadriyatlarni ulug‘lab, yosh avlod ongu shuuriga singdirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Hozirgi globallashuv jarayonlarida o‘tmishda yashagan buyuk ajdodlarimizning madaniy merosi, urf-odatlari, tili va tarixiy xotirasini kelajak avlodlarga yetkazishning ahamiyati to‘g‘risida fikr almashdi.

Tadbirda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uyg‘unlashtirib, yoshlarda milliy g‘urur, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘usini oshirish, xalqimizning boy ma’naviy merosi, urf-odat va an’analarini keng targ‘ib qilish, milliy o‘zlikni anglashni kuchaytirish hamda globallashuv sharoitida milliy qadriyatlarni saqlab qolishning dolzarb masalalari muhokama etildi. Yoshlarning mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlab, ma’naviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davra suhbatida milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash hamda yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri