Serbiyaliklar Samarqand sayohatida
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi (parlamenti) “Serbiya – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Aleksandr Markovich boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan kutib olingan delegatsiya dastlab Imom Buxoriy majmuasi bilan tanishdi.
Majmuaning o‘ziga xos ko‘rinishi, mahobatli masjid, Islom tarixi, Imom Buxoriy hayoti va faoliyatiga oid bebaho ma’lumotlarga asoslangan muzey mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirganini qayd etishdi.
Amir Temur maqbarasida sohibqiron va temuriylar davri tarixiga oid muhim ma’lumotlar berildi. Bu davrdagi ilm-ma’rifat, madaniyat rivoji bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar mehmonlarning hayratini oshirdi.
Samarqand, deganda ko‘pchilikning ko‘z oldida Registon maydoni jonlanadi. Bu hech kimga sir emas. O‘zining betakror me’moriy yechimlari, o‘ziga xos naqshinkor bezaklari bilan har qanday kishini rom etadigan bu maskan serbiyalik mehmonlarni ham maftun etdi. Uning har bir masjid va madrasasidagi naqshlar tarixning sirli sahifalaridan darak beradi.
Serbiya delegatsiyasi qadimiy kentdagi boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarda ham bo‘ldi.
[photobank-30026]
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari