Xitoyning birinchi fuqarolik droni 24 soatlik uzluksiz parvozni yakunladi
TR200 ko‘p maqsadli fuqarolik droni ilk muvaffaqiyatli sinovi Xitoyning Shandong muzofotida bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakatdagi birinchi og‘ir yuk ko‘taruvchi, bir tonnalik sinfdagi uchuvchisiz uchish qurilmasi bo‘lib, 3000 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi, deb xabar berdi “Sinxua” agentligi.
Ishlab chiqaruvchi vakilining so‘zlariga ko‘ra, eng yuqori kruiz tezligi soatiga 200 kilometrni tashkil qiladigan uchoq to‘liq yuk bilan havoda 24 soatdan ko‘proq vaqt qolishi, 7000 metr balandlikka ko‘tarilishi mumkin. Dron uchishi va qo‘nishi uchun atigi 300 metr yo‘lak yetarli.
– Birinchi parvozi davomida TR200 qisqa masofada ajoyib uchish va qo‘nish ko‘rsatkichini namoyish etdi, barqarorligi kutilganidan ham yaxshi, – deydi bosh dizayner Fan Liang. – Muhandislik hisob-kitobi va tizim uyg‘unligi o‘ta aniq ekani to‘liq tasdiqlandi.
Yangi qurilma to‘liq mahalliy ehtiyot qismlardan yig‘ilgani ta’kidlanmoqda. Modulli dizayni tufayli TR200 yong‘inni o‘chirish, yetib borish qiyin hududlarga yukni yetkazish, qorovullik qilish va atrof-muhit monitoringi uchun qayta shakllantirilishi mumkin.
Avvalroq Xitoy dunyodagi birinchi gibrid dvigatelli og‘ir yuk ko‘taruvchi dronni sinovdan o‘tkazgan edi.
G.Sattorova, O‘zA