Saudiya ta’limda SI inqilobini boshladi
Saudiya Arabistoni qisqa vaqt ichida ta’lim tizimiga sun’iy intellektni keng joriy etgan davlatlardan biriga aylandi. Mamlakatda mazkur yo‘nalish umumiy ta’lim muassasalari uchun majburiy fan sifatida o‘qitila boshladi. Endi bilim sifatini baholashga doir milliy tizim ishlab chiqilib, minglab pedagog maxsus tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar mazkur tajribani mintaqadagi ilg‘or namuna sifatida e’tirof etdi. Bu haqda O‘zA hamkori SPA agentligi yozgan.
“Saudi Vision-2030” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus orqali milliy qadriyatni mustahkamlash, zamonaviy ko‘nikma shakllantirish, mehnat bozoriga mos mutaxassis tayyorlash va innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsad etib belgilangan. Ta’lim vaziri Yusuf Al-Boniyon ma’lum qilishicha, ayni yo‘nalishda hozirgacha o‘quv dasturini yangilash, kasb-hunar ta’limi ko‘lamini kengaytirish va raqamli texnologiyani amaliyotga yanada chuqur joriy etishga qaratilgan 20 ga yaqin strategik vazifa bajrilgan.
Bugungi kunda SI bo‘yicha o‘quv dasturi olti milliondan ziyod o‘quvchini qamrab olgan. Dars bolalarni raqamli texnologiyadan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishga o‘rgatishdan boshlanib, keyinchalik oddiy dastur va intellektual tizim yaratish ko‘nikmasigacha bosqichma-bosqich davom etadi. So‘nggi bir yilda 13 000 dan ziyod o‘qituvchi maxsus malaka oshirdi, 470 000 dan ko‘p pedagog onlayn platforma orqali tayyorgarlikdan o‘tdi. Shuningdek, dars rejasi, baholash va mashg‘ulotni tashkil etish uchun yangi raqamli vositalar amaliyotga kiritildi.
Natija xalqaro maydonda ham aksini topmoqda. Saudiyalik o‘quvchilar WAICY-2025 xalqaro SI musobaqasida ketma-ket ikkinchi bor birinchi o‘rinni egalladi. Qosim universiteti Shveysariyada o‘tgan WSIS Prizes-2026 tanlovida SI asosida ishlovchi ta’lim platformasi bilan g‘olib chiqdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur yo‘nalishni mamlakatdagi universitetlarning 79 foizi o‘quv dasturiga kiritgan, 30 ga yaqin oliy ta’lim dargohi barcha talabalar uchun majburiy fan qilib belgilagan. Qolaversa, xalqaro hamkorlik doirasida 80 dan ko‘p raqamli startap qo‘llab-quvvatlanib, investitsiya imkoniyati bilan bog‘langan.
Musulmon Ziyo, O‘zA