Xitoyda SI va bandlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi
Xitoy sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlik sifatini oshirish va mehnat bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirishga qaratilgan yangi yo‘riqnomani e’lon qildi.
“Sinxua” axborot agentligi xabar berishicha, XXR Davlat kengashi tomonidan qabul qilingan hujjatda oltita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 18 ta vazifa belgilangan. Ular sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib bandlikni kengaytirish, xodimlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mehnat va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Xususan, mikro, kichik va o‘rta korxonalarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, sun’iy intellekt bilan bog‘liq kasblarni rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, yangi texnologiyalar ta’sirida ish o‘rnini yo‘qotish xavfiga duch kelgan xodimlarni qayta tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmlarini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Hujjatda sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini muntazam kuzatib borish, ehtimoliy xavflarni erta aniqlash va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish choralari ham belgilangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda XXRda sun’iy intellektning asosiy tarmoqlari hajmi 1,2 trillion yuandan (taxminan 178,6 milliard dollar) oshgan. Sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar soni esa 6200 tadan ortgan. Yil yakunida yirik sanoat korxonalarining 30 foizdan ziyodi sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etgan.
A.Mamatov, O‘zA