Xitoy universitetlari bilan hamkorlik
Prezident Shavkat Mirziyeyovning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi munosabati bilan shu kunlarda Pekin shahrida Xitoy - O‘zbekiston ta’lim forumi o‘tkazilmoqda. Unda ikki mamlakatdan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilm-fan sohasi vakillari, vazirliklar mas’ullari qatnashmoqda.
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘tkazilayotgan forum doirasida xitoylik hamkorlar bilan bir qator muhim uchrashuvlari belgilangan, deb xabar bermoqda universitet axborot xizmati.
Jumladan, R.Xolmurodov Xitoyning Shenyang Agrar universiteti, Jilin xalqaro ta’lim universiteti, Shimoliy-g‘arb politexnika universiteti, Xeylongjiyang universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolaydi.



Ushbu hamkorlik shartnomalarida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish hamda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar, qo‘shma loyihalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur xalqaro forum ikki davlat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tashi ta’kidlanmoqda.
G‘. Hasanov,
O‘zA muxbiri