Xitoy – O‘zbekiston ta’lim hamkorligi: yangi bosqich
Jizzax politexnika institutida Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Suzhou (Suzhou) texnologiyalar universiteti vakillari ishtirokida muhim ilmiy-akademik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida ta’lim va fan sohasida izchil rivojlanayotgan hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Uchrashuvda Suzhou texnologiyalar universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi direktori Xu Jingjing hamda professor-o‘qituvchilar Li Miao, Hou Hailong va Song Jingliang qatnashdi. Mehmonlar qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar bilan muloqot qilib, ikki oliy muassasa o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar.

Muloqot jarayonida qo‘shma ta’lim dasturlarining mazmuni va istiqbollari, akademik almashinuvni kengaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, talabalar uchun yaratilayotgan xalqaro ta’lim imkoniyatlari, ilmiy tajriba almashinuvi va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladigan mexanizmlarga alohida e’tibor qaratildi. Bu omillar yosh mutaxassislarni raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ochilish marosimidan so‘ng Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan Jizzax politexnika instituti rahbariyati o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.Ochilov, Xalqaro bo‘lim boshlig‘i M.Eshqulov hamda Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari A.Ortiqovlar ishtirok etishdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bir-birlarga esdalik sovg‘alarini berishib, do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri