XDP tashkil topganining 35 yilligi nishonlandi
Termizda Xalq demokratik partiyasi tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati, tuman va shahar Kengashi deputatlari, partiya faxriylari, viloyat, shahar va tuman kengashlari rahbarlari va mas’ul xodimlari, faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Alisher Pardayev, Oliy Majlis Qonunchilik deputati, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Firdavs Sharipov va boshqalar mustaqillik bilan tengdosh partiyaning tashkil etilish tarixi, milliy davlatchiligimizni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, uning zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishda tutgan o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi.

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasining viloyat kengashi ham vohada ilk siyosiy kuch sifatida yosh mustaqil davlatimiz bilan hamnafas qadam tashladi. Viloyatni ijtimoiy yuksaltirishga qaratilgan g‘oyalari bilan samarali faoliyat yuritdi. O‘tgan 35 yilda 92 ming 521 nafar kishi partiya safiga qabul qilindi. Ularning 48 ming 260 nafari shijoatkor yoshlar va 35 ming 357 nafari xotin-qizlarni tashkil etdi.

Partiyaning keyingi o‘n yildagi faoliyati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Ўз siyosatida iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirishga, mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash orqali O‘zbekistonni aholi turmush darajasi va sifati bo‘yicha dunyoning o‘rta rivojlangan davlatlari darajasiga olib chiqishga alohida e’tibor qaratdi.

Bu yo‘ldagi maqsadlarga erishish uchun davlat va jamiyat ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlamining manfaatlaridan kelib chiqishni ilgari surdi. Jumladan, pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirish uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari, mehnat bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotgan insonlar, mehnat bozoriga endi kirib kelgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari, zarur kasbiy malakasi yo‘qligi sababli doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, ichki va tashqi mehnat migrantlari manfaatlarini izchil himoya qilmoqda. Bu jarayonda o‘z deputatlari orqali iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirib, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga, ijtimoiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Tadbirda partiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, partiyaning targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etib, partiya faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faollar “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov.
O‘zA muxbiri