Turkiya matbuoti: O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyoni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Turkiyaning nufuzli “Milliyet” gazetasida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilgari surgan tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
“Turkiy dunyo qayta shakllanmoqda” sarlavhali ushbu maqolada O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, raqamli xavfsizlikni mustahkamlash hamda transport-logistika aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan strategik takliflari atroflicha yoritilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, rasmiy Toshkentning tashabbuslari turkiy davlatlar o‘rtasidagi sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Xususan, maqolada “Turkiy raqamli koridor”ni tashkil etish va kiberxavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish borasidagi takliflarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada TDTga a’zo mamlakatlarning texnologiya sohasidagi salohiyatini birlashtirish ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, materialda iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish masalasiga ham keng o‘rin berilgan. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni tashkil etish hamda Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengash tuzib, uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish tashabbusi alohida e’tirof etilgan. Muallifga ko‘ra, mazkur qadamlar o‘zaro savdo va investitsiya hajmini karrasiga oshirish uchun yangi ufqlarni ochadi.
Nashrda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish borasidagi istiqbolli tashabbuslar ham atroflicha yoritilgan. Xususan, “Turkiy davlatlar sanoat alyansi”ni tashkil etish orqali a’zo mamlakatlarning ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bunda xomashyo qazib olish va uni qayta ishlashdan tortib, ilmiy-texnologik yechimlarni joriy etish hamda tayyor mahsulot tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni yaxlit qiymat zanjiriga birlashtirish maqsad qilingan.
Mazkur strategik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda moliyaviy sheriklikni kuchaytirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu bois, maqolada Turkiy investitsiya jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda milliy moliya institutlarining salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi qayd etilgan. Shu bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlash va resurslarni tejash maqsadida “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish tashabbusi alohida ilgari surilgan.
Nashrning xulosa qilishicha, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan ushbu takliflar turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni amaliy hamkorlik bilan mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi TDT makonida savdo, sanoat, transport-logistika va yuqori texnologiyalar sohasidagi aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
D.HAKIMOV,
O‘zA