TDT sammitida qanday masalalar muhokama qilinadi?
Bugungi murakkab geosiyosiy jarayonlar, xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o‘zgarishlar va mintaqaviy integratsiyaga ehtiyoj ortib borayotgan bir sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashkilotga a’zo mamlakatlarni nafaqat mushtarak tarix, til va madaniy qadriyatlar, balki iqtisodiy manfaatlar, transport-kommunikatsiya imkoniyatlari hamda barqaror taraqqiyotga intilish ham birlashtirmoqda.
Joriy yilning 29–30-oktabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining davlat rahbarlari darajasidagi 13-sammiti ana shu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy muloqot maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
“Turkiy asr: tilda, fikrda, ishda birlik” shiori ostida o‘tadigan sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi. Ta’kidlanishicha, anjumanda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, transport-logistika, madaniy-gumanitar aloqalar, turizm, ekologiya hamda ta’lim sohalaridagi munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Ciyosiy fanlar doktori, professor Farhod Karimov fikricha, Anqara sammiti Turkiy davlatlar tashkilotining kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash, mavjud tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
– Turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar bugun faqat tarixiy va madaniy yaqinlik bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Aksincha, iqtisodiy integratsiya, investitsiyalar, energetika xavfsizligi, transport yo‘laklarini rivojlantirish va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda. Anqara sammitining ahamiyati ham aynan shu jarayonlarni yanada jadallashtirish imkoniyati bilan belgilanadi, -deydi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, sammit kun tartibida transport va logistika masalalari alohida o‘rin tutadi. Xususan, Osiyo va Yevropani bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi — O‘rta koridor imkoniyatlarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish a’zo mamlakatlar uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Bu borada O‘zbekistonning geografik joylashuvi va tranzit salohiyati muhim omil hisoblanadi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini Transkaspiy yo‘nalishi bilan bog‘lash istiqbollari mamlakatimizning xalqaro transport tizimidagi o‘rnini mustahkamlashi mumkin.
F.Karimovning qayd etishicha, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishda savdo to‘siqlarini kamaytirish, qo‘shma sanoat loyihalarini ko‘paytirish va investitsiyaviy mexanizmlarni takomillashtirish muhim vazifalardan sanaladi. Shu nuqtai nazardan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kichik va o‘rta biznes o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish istiqbolli yo‘nalishlardan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda o‘lkamizning TDTga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 9,607 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu O‘zbekiston umumiy tashqi savdosining qariyb 12 foiziga teng. Mazkur ko‘rsatkich ham tuzilma doirasidagi iqtisodiy aloqalar mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Ekspertning fikricha, energetika va raqamli transformatsiya ham sammitda e’tibor qaratiladigan asosiy yo‘nalishlardan bo‘ladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, raqamli savdo va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish a’zo davlatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
– Bugungi global raqobat sharoitida davlatlarning imkoniyatlari faqat tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarish hajmi bilan belgilanmaydi. Zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, inson kapitali va transport infratuzilmasi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, turkiy mamlakatlarning mavjud salohiyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish barcha ishtirokchilar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin, -deya ta’kidlaydi professor.
Shu bilan birga, sammitda tashkilotning institutsional salohiyatini mustahkamlash masalasi ham muhim o‘rin egallaydi. TDT kotibiyatining rasmiy axborotiga ko‘ra, Anqara anjumani doirasida tashkilotga raislik Ozarbayjondan Turkiyaga o‘tadi. Shuningdek, yangi Bosh kotibni tayinlash va kelgusi davr uchun strategik ustuvor vazifalarni belgilash masalalari ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
F.Karimov aytishicha, mazkur jarayonlar TDTning xalqaro maydondagi faolligini oshirish, a’zo davlatlar o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni kuchaytirish va umumiy manfaatlarga daxldor masalalar bo‘yicha muloqotni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ekspert madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, umumiy tarixiy merosni asrab-avaylash, ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni kengaytirish, yoshlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish turkiy mamlakatlar munosabatlarining uzoq muddatli poydevorini mustahkamlaydi.
Yig‘in doirasida “Turkiy dunyo muloqot forumi” ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda media hamkorlik, strategik kommunikatsiyalar, sun’iy intellekt, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va qo‘shma axborot platformalarini rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
– O‘zbekiston uchun Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘p tomonlama tashqi siyosatni amalga oshirish, iqtisodiy sheriklikni kengaytirish va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirishning muhim platformalaridan biridir. Respublikamiz tuzilma doirasida ilgari surayotgan tashabbuslar, avvalo, o‘zaro manfaatli hamkorlikka, amaliy natijalarga va barcha ishtirokchilarning barqaror taraqqiyotiga qaratilgan, -deya qayd etadi Farhod Karimov.
Professorning fikricha, Anqara sammitining natijadorligi qabul qilinadigan hujjatlar bilan bir qatorda, ularning amaliyotga tatbiq etilishi, qo‘shma loyihalarning izchil davom ettirilishi va iqtisodiy hamkorlikning aniq samaralari bilan ham belgilanadi.
Sammit yakunida “Anqara deklaratsiyasi” hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator qaror va hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bu esa Turkiy davlatlar tashkilotining kelgusi faoliyati uchun yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollarini belgilab berishi mumkin.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA