Xavfsizlik oyligi: bilim, tajriba va mahorat sinovdan o‘tmoqda
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent hududiy filiali tomonidan “Xavfsizlik texnikasi ko‘rigi oyligi” yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Joriy yilning 10-iyuliga qadar o‘tkazilayotgan mazkur oylikning asosiy maqsadi ishlab chiqarish jarayonlarida baxtsiz hodisalarning oldini olish, xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, mehnat muhofazasi hamda texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
Mazkur sa’y-harakatlar doirasida filialning barcha tarkibiy bo‘linmalarida ish joylarining xavfsizlik holati kompleks o‘rganilib, elektr qurilmalari va jihozlarining texnik sozligi tekshirilib, himoya vositalari hamda maxsus kiyim-boshlarning yaroqliligi nazoratga olingan. Shuningdek, xodimlar ishtirokida texnika xavfsizligi bo‘yicha maqsadli o‘quv mashg‘ulotlari va yo‘riqnomalar tashkil etilib, ularning nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, mehnat muhofazasi sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ishlab chiqarish intizomini yanada mustahkamlash va xavfsiz mehnat madaniyatini yuksaltirish oylikning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Xususan, Bo‘ka tumanida tashkil etilgan elektr tarmoqlari xodimlari o‘rtasida uch bosqichli kasb mahorati musobaqasi ham shu sa’y-harakatlarning namunasi bo‘ldi. Musobaqa ishtirokchilar uchun o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazish, amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylandi.

Bellashuv davomida qatnashchilar elektr kuchlanishi ostiga tushgan jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, avariya tufayli uzilgan elektr simini qayta ulash, shuningdek, transformator jamlanmasini mukammal ta’mirlash uchun ish joyini belgilangan talablar asosida tayyorlash kabi shartlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Har bir vazifa xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, tezkorlik va ish sifati mezonlari asosida baholandi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, eng yuqori natijani qayd etgan Bo‘ka–2 ustalik bo‘limi jamoasi g‘olib deb topildi.

Mas’ullarning ta’kidlashicha, bunday amaliy tadbirlar soha xodimlarining kasbiy mahoratini yanada oshirish, favqulodda holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ishlab chiqarishda xavfsiz mehnat muhitini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, xavfsizlik talablariga so‘zsiz amal qilish inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishning eng muhim omili hisoblanadi.
A.Musayev,O‘zA.