"The Drive of Rease" xalqaro elektromobil ekspeditsiyasi Xivada
Joriy yil 4-iyul sanasidan O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanishni boshlagan “The Drive of Rease” xalqaro elektromobil ekspeditsiyasi delegatlari Xorazmda bo‘ldi.
Elektr va gibrid avtomobillarda amalga oshirilayotgan mazkur sayohat nafaqat tarixiy Buyuk Ipak Yo‘li merosini qayta kashf etish, balki mamlakatimizning boy madaniy va turistik salohiyatini butun dunyoga namoyish etish uchun ham muhim imkoniyat yaratmoqda.
– Loyihaning O‘zbekiston bosqichi mamlakatimizning jahon turistik xaritasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi Xiva shahar hokimi Temur Davletov. – Chunki, ekspeditsiya tarkibida turli davlatlardan ekspertlar, olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari mavjudligi va ular tomonidan O‘zbekiston haqida tayyorlanadigan materiallar dunyoning turli mamlakatlarida keng targ‘ib qilinishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishning ortishi, yangi turistik bozorlarga chiqish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida mehmonlar uchun Ichan qal’a bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, ularga Xivaning boy tarixiy-madaniy merosi, me’moriy obidalari va turizm salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida Xorazmning investitsion imkoniyatlari, turizmni rivojlantirish hamda istiqboldagi hamkorlik loyihalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Delegatsiya a’zolari Xivaning tarixiy qiyofasi va sayyohlik infratuzilmasini yuqori baholadi.
[gallery-30284]
– Qariyb 43 kun davomida Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan 15 ming kilometrlik marshrut bo‘ylab harakatlanadigan xalqaro elektromobil ekspeditsiyasi Rimdan boshlanib, Gonkonggacha yetib boradi, – deydi Xiaomi kompaniyasi hammuassisi Hong Feng. – O‘zbekiston ushbu yo‘nalishning eng muhim va qiziqarli bosqichlaridan biri bo‘lib, bu manzil shunchaki tanlangani yo‘q. Bu tanlov ushbu mamlakatning Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasidagi tarixiy o‘rni va zamonaviy turizm markaziga aylanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ekspeditsiyamiz ishtirokchilari Nukus, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, O‘zbekistonning madaniy merosi, me’moriy obidalari, milliy an’analari va zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishadi. Kuni kecha Orol dengizi hududi, Mo‘ynoq, Qizilqum cho‘li kabi noyob manzillarda bo‘ldik.
Mazkur loyiha orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan bir qatorda, uning sarguzasht, ekologik va avtomobil turizmi uchun ham katta salohiyatga ega mamlakat ekanini dunyoga namoyish etish maqsad qilingan. Bu esa kelgusida mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonining ortishi, yangi turistik mahsulotlar shakllanishiga xizmat qilib, turizm iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari