Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha ishlar qoniqarlimi?
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Har qanday noqonuniy holatlar yuzasidan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish tizimini yaratish, bu boradagi faoliyatni bevosita joylarda samarali yo‘lga qo‘yish orqali aholi roziligiga erishish muhim maqsad sifatida belgilangan.
Qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha prokuratura organlari boshqa huquq-tartibot tizimi xodimlari bilan hamkorlikda izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

Bosh prokuraturada qaror ijrosi bo‘yicha Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmalari boshliqlari va mas’ul xodimlari, Ichki ishlar, Adliya, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari shuningdek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Kriminologiya tadqiqot instituti, Jamoat xavfsizligi va Toshkent davlat yuridik universiteti rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining hududlarga chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganishlari natijasida aniqlangan muammoli masalalarga e’tibor qaratildi.
Xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini jadallashtirish, jamoat tartibini saqlash, mahallalarda “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “xavfsiz uy”lar barpo etilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish yuzasidan vazirliklar, idoralar va ilmiy ta’lim muassasalarining takliflari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida shtab yig‘ilishining tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA