Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash bo‘yicha ilk trenerlar tayyorlandi
O‘zbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini ta’minlash bo‘yicha Milliy dastur amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-sentabrdagi 518-son qaroriga muvofiq amalga oshirilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi shu yo‘nalishdagi barcha jarayonlarni muvofiqlashtirib bormoqda.
Toshkent shahrida Milliy dastur doirasidagi “Davlat mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusida tashkil etilgan to‘rt kunlik trening yakuniga yetdi.
Treningda davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul xodimlari, HR-mutaxassislari hamda hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘quv dasturi davomida ishtirokchilar gender tenglikni ta’minlash, mehnat munosabatlarida tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xodimlar huquqlarini himoya qilish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi, jabrlangan shaxslar bilan xavfsiz va hurmatga asoslangan muloqot olib borish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirdi.
Amaliy mashg‘ulotlar, vaziyatli topshiriqlar va keys-simulyatsiyalar orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga munosabat bildirish, murojaatlarni baholash hamda tegishli choralarni belgilash algoritmlari o‘rganildi.
Yakuniy marosimda ishtirokchilarning bilimlari baholanib, treningni muvaffaqiyatli tamomlagan 90 nafar trenerga sertifikatlar topshirildi.
Kelgusi haftadan boshlab tayyorlangan trenerlar hududlarda mahalliy trenerlarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini boshlaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA