Xalqaro talablarga muvofiqlik ta’minlanmoqda
Toshkent moliya institutida umumqabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq doktorlik dissertasiyasini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Toshkent moliya institutida umumqabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq doktorlik dissertasiyasini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi hamda Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodim-izlanuvchilar, mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Seminarda Prezidentimizning 2012-yil 24-iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘layotgani ta’kidlandi.
Doktorlik dissertasiyalarini tayyorlash va himoya qilishda umumqabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiqlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bunda ilg‘or tajriba va yetakchi xorijiy universitetlar amaliyotini o‘rganish dissertasiya tadqiqotlarining sifati, ilmiy-amaliy ahamiyatini yanada oshirish bilan birga yosh olimlarning ilmiy maqolalarini xorijdagi jurnallarda chop etishni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Anjumanda ilmiy-tadqiqot ishlarida statistik, ekonometrik va boshqa tahlil usullarini qo‘llash, ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish masalalari xususida so‘z yuritildi. Bu borada xorijdagi bir qator yetakchi oliy o‘quv yurtlarida qo‘llanilayotgan doktorlik dissertasiyalarini tayyorlash va himoya qilish tajribasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.