Xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi
Bugun ta’lim muassasasining nufuzi nafaqat ta’lim sifati va ilmiy salohiyati, balki boshqaruv jarayonlaridagi ochiqlik, shaffoflik, halollik va mas’uliyat bilan ham belgilanmoqda. Shu jihatdan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhim natija bilan yakunlandi.
Filial QACS International internatsional xalqaro tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, ISO 37001:2025 — «korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi» xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikatiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur standart tashkilotda korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va boshqarish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, boshqaruv jarayonlarida hisobdorlik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutadi. Shu bois sertifikatning qo‘lga kiritilishi filialda Korrupsiyaga qarshi kurashishga bir martalik tadbir emas, balki tizimli boshqaruv jarayoni sifatida yondashilayotganidan dalolat beradi.
Yangiyer filiali uchun bu natija, avvalo, ta’lim jarayoni va boshqaruvda halollik, adolat va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, qaror qabul qilishda mas’uliyat va hisobdorlikni oshirish uchun muhim zamin yaratadi.
Oliy ta’lim muassasasida bunday yondashuvning ahamiyati ayniqsa katta. Zero, qabul jarayonidan tortib talabalar bilimini baholash, kadrlar bilan ishlash, xaridlar va boshqaruv qarorlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda xolislik va shaffoflikni ta’minlash ta’lim sifatining muhim omillaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan, ISO 37001:2025 xalqaro standartining joriy etilishi filialda sog‘lom va ishonchli ta’lim muhitini yanada mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni tizimli baholash hamda ularning oldini olishga qaratilgan ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish imkonini beradi.
Bunday natijaga erishishda davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, davlat tashkilotlarida ichki nazorat va komplayens tizimlarini joriy etish, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan siyosatining amaliy ahamiyati katta.

Filial direktori Zafar Hakimovning ta’kidlashicha, mazkur sertifikat jamoaning korrupsiyaga qarshi kurashish, boshqaruvda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlariga berilgan muhim xalqaro bahodir.
— Bu e’tirof ta’lim muassasasida halollik — ishonchning, ishonch esa sifatli ta’limning poydevori ekanini amalda namoyon etadi. Bu biz uchun nafaqat e’tirof, balki katta mas’uliyat hamdir. Endi mazkur standart talablarini amaliyotda izchil ta’minlash, mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish va filialda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini mustahkamlashga yanada katta e’tibor qaratamiz, — deydi Zafar Hakimov.
Darhaqiqat, xalqaro sertifikat muayyan natijaning e’tirofi bo‘lish bilan birga, uning talablarini doimiy ravishda ta’minlash va takomillashtirishni ham taqozo etadi. Yangiyer filialining ISO 37001:2025 standartiga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi esa ta’lim va boshqaruv jarayonlarida halollik, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri