IT Park Uzbekistan: yoshlar uchun ishga joylashish imkoniyatlari kengaymoqda
O‘zbekistonda IT, BPO va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanib, yangi ish o‘rinlari ko‘paymoqda.
Bu imkoniyatlar nafaqat tajribali mutaxassislar, balki o‘z kasbiy faoliyatini endi boshlayotgan talabalar va bitiruvchilar uchun ham ochilmoqda.
Shu maqsadda IT Park Uzbekistan ish beruvchilar va ish izlovchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun yagona nomzodlar bazasini shakllantirmoqda. Unda nomzodlarning mutaxassisligi, tajribasi, til bilishi, ko‘nikmalari hamda ishlash istagi inobatga olinadi.
Tegishli vakansiyalar paydo bo‘lganda, nomzodlarning rezyumelari yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar, jumladan, IT Park Uzbekistan rezidentlariga ko‘rib chiqish uchun yuborilishi mumkin. Bu ish izlovchilarga o‘z kasbiy profilini potensial ish beruvchilarga taqdim etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Loyiha O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Bunda dasturchi, QA-muhandis, ma’lumotlar bilan ishlovchi mutaxassis va dizaynerlardan tashqari, marketing, savdo, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, moliya, buxgalteriya va ma’muriy boshqaruv sohalaridagi kadrlarga ham talab mavjud.
Xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarga ehtiyoj ham yuqori. Xususan, ingliz, rus, nemis, fransuz, ispan, turk, arab, xitoy, yapon va koreys tillarini bilgan nomzodlarga xalqaro kompaniyalarda talab bor.
Nomzodlarga ish beruvchining talabidan kelib chiqib, ofisda, gibrid yoki masofaviy ishlash imkoniyatlari taklif qilinishi mumkin. Bu esa hududlardagi yoshlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Nomzodlar bazasini shakllantirishda Talent Park loyihasi muhim vositalardan biri hisoblanadi. Ish izlovchilar maxsus @talent_park_bot orqali o‘z rezyumelarini yuborishlari mumkin. Dolzarb vakansiyalar va karera imkoniyatlari esa @talentparkuz Telegram-kanalida e’lon qilib boriladi.
Qayd etish joizki, bazaga ro‘yxatdan o‘tish avtomatik ravishda ishga joylashishni kafolatlamaydi. Biroq u mutaxassislarga o‘z imkoniyatlarini IT Park Uzbekistan ekotizimidagi kompaniyalarga taqdim etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA