Xalqaro qidiruvda bo‘lgan olti nafar fuqaro BAAdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Xalqaro politsiya hamkorligi yo‘nalishida izchil va muvofiqlashtirilgan ishlarning natijasi o‘laroq, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dan O‘zbekiston Respublikasiga turli og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining olti nafar fuqarosi ekstraditsiya qilindi.
Mazkur ekstraditsiya Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi va BAAdagi Milliy markaziy byurosi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p yillik hamkorlik, shuningdek, ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni mustahkamlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasidir.
Ushbu hamkorlikni rivojlantirishda ikki davlat byuro vakillarining xalqaro maydonlardagi muntazam ishchi uchrashuvlari va muloqotlari, jumladan, Interpol Bosh assambleyasi, Interpol Milliy markaziy byurolari rahbarlarining uchrashuvlari hamda boshqa xalqaro tadbirlar doirasidagi aloqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlar va yo‘lga qo‘yilgan ishchi aloqalar mamlakat hududidan tashqarida yashirinib yurgan shaxslarni qidirish va qaytarish bo‘yicha axborot almashinuvini tezkor amalga oshirish hamda harakatlarni samarali muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston va BAA Interpol Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari, shuningdek, ikki davlat vakolatli organlarining o‘zaro hamkorligi natijasida zarur tartib-taomillar amalga oshirilib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan olti nafar fuqaroni O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilish ta’minlandi.
Joriy yil boshidan buyon IIV Interpol MMB tashabbusi bilan qidiruvda bo‘lgan 16 nafar shaxs BAAdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Mazkur natija Interpol yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro hamkorlikning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etib, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarning javobgarlikdan qochib qutulishiga yo‘l qo‘ymaslikda ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi barqaror ishchi aloqalarning muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xorijda yashirinib yurgan shaxslarning turgan joyini aniqlash hamda ularni qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA