“El-yurt umidi” jamg‘armasi orzularni ro‘yobga chiqarmoqda
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Termiz davlat universitetida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda viloyat markazidagi mahallalarning yoshlar yetakchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda kamolga yetayotgan hozirgi yoshlarda imkoniyatlar bisyor. Yoshlarning ta’lim olishi, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishi, iste’dodini keng namoyon etishi uchun sayyoramizning boshqa hududlaridagi tengdoshlari foydalanayotgan imkoniyatlardan ham kengroq sharoit yaratilmoqda. Masalan, biz maktabda o‘qigan paytlarda rus tili boshlang‘ich sinflardan o‘rgatilgan bo‘lsa-da, boshqa chet tillaridan o‘quvchilik davrimizning so‘nggi uch yilida saboq berilgan. Bilasizmi, o‘shanda ham uch yil uch davlatning tili o‘qitilgan. O‘qituvchilar ham bir yil muddatga mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan. Ular chet tili alfavitlarini, yuzgacha sanashu, ingliz, nemis va fransuz shoirlarining yengil talaffuz qilinadigan she’rlarini yod oldirishgan boshqa bilim bermagan. Hozirda, maktab yoki oliy ta’lim muassasalarini qo‘ya turaylik, zamonaviy o‘quv markazlarida ham darsdan bo‘sh vaqtlarda istasangiz arab, chin, koreys, yapon, ingliz, nemis va boshqa davlat tillarini mukammal o‘rganish imkoniyati bor.

Mamlakatimizda ayniqsa, keyingi o‘n yilda iqtidorli, iste’dodli yigit-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan e’tibor yoshlarga o‘zgacha shijoat ulashib, ularni izlanishga, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib, Yangi O‘zbekiston uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishishga undamoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 5 maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Bolalikdan sho‘rolar tuzumi yaratgan mafkura qobig‘iga o‘ralib, ilm olgan bizning avlod bunday imkoniyatlarga havas qilib yashashdan faxr hissini tuyishida ham chuqur ma’no bor. Zero, sho‘rolar zamonida til o‘rganib, xorijda ta’lim olaman, deganlarni qo‘llash u yoqda tursin, ta’lim olish yoki tajriba almashish uchun sobiq ittifoq davlatlaridan boshqa chet elga yuborilmasdi. Axir, beg‘ubor yoshлiкdagi orzu-umidlarimizni ilmga chanqoq, iste’dodli farzandlarimiz endilikda ro‘yobga chiqarayotganidan quvonmay, faxrlanmay bo‘ladimi.
Xususan, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi ham iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, jahondagi eng nufuzli universitetlar va ilmiy markazlarida ta’lim olgan yangi avlod yetakchilari va mutaxassislar jamoasini shakllantirishdek ezgu ishni amalga oshirmoqda. Chet elda o‘qigan yoshlar yurtimizga qaytib kelgach, olgan bilim va tajribalarini Vatanimizni rivojlantirishga yo‘naltiradi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, raqamlashtirish kabi muhim sohalarni yangi bosqichga ko‘tarib, yuksaltirishga hissa qo‘shadi.

- Har yili ikki marta e’lon qilinadigan tanlovlar orqali 700 dan ortiq iqtidorli yosh saralanib, dunyoning nufuzli TOP-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil olish professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ega bo‘ladi,- deydi jamg‘arma boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sharipov. - Stipendiat bo‘lish uchun har bir iste’dodli yoshning aniq maqsadi, mamlakatimiz rivoji uchun xizmat qiladigan loyihasi bo‘lishi kerak. O‘tgan yilgi stipendiantlarimizning sakson foizi TOP-100 talik universitetlarga o‘qishga qabul qilindi. Stipendiantlarimiz xorijdagi nufuzli universitetlarda bakalavriat, magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida o‘qib yoki maqsadli stajirovka dasturlarida qatnashib kelib, davlatimizni yanada rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi. Bu imkoniyat iste’dodli, iqtidorli yigit-qizlar uchun Prezidentimizning yuksak ishonchi va davlatimizning yoshlar uchun yaratgan katta imtiyozidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2025-yillarda jamg‘arma 2 ming 300 ga yaqin stipendiatni 45 mamlakatga ta’lim olishga yubordi. Hozirgacha ularning 1 ming 400 dan ortiq bitiruvchisi mamlakatimizga qaytib kelib, iqtisodiyot, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Viloyatda tashkil etilgan targ‘ibot tadbirlari doirasida Prezident maktabi va Termiz shahridagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari, Termiz davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalari va Termiz tumani mahallalari yoshlar yetakchilari ishtirokida ham uchrashuv o‘tkazildi.

Viloyatdagi uchrashuvlar ishtirokchilari jamg‘arma faoliyati, jamg‘arma stipendiya tanlovlarida qatnashish tartiblari, maqsadli stajirovka va boshqa masalalar yuzasidan yetarli tushunchaga ega bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri