Buxoroda ustoz jurnalistlar xotirlandi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyat matbuoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi jurnalistlar xotirasiga bag‘ishlangan «Yo‘qotilmagan meros» nomli xotira tadbiri o‘tkazildi.
Unda Buxoro jurnalistikasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan 160 nafar marhum ustoz jurnalist xotirlandi. Ularning sermahsul ijodiy faoliyati, kasbiy mahorati va boy ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, yosh avlodga yetkazish tadbirning asosiy maqsadi bo‘ldi.
[gallery-31798]
Tadbirga tayyorgarlik jarayonida ustoz jurnalistlarning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar jamlanib, arxiv fotosuratlari to‘plandi. Ular asosida ustoz jurnalistlarning hayoti va ijodiy faoliyati aks ettirilgan maxsus ko‘rgazmali materiallar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.
Xotira kechasida viloyat matbuoti taraqqiyotida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Jo‘ra Fozil, Jahongir Ismoilov, Shodmon Sulaymonov, Komil Jo‘rayev singari ko‘plab ijodkorlarning hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, viloyatda faoliyat ko‘rsatgan bosma nashrlar bosh muharrirlari, faxriy jurnalistlar va soha vakillari so‘zga chiqib, marhum hamkasblarining jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi, kasbiy mahorati va ijodiy yo‘li bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda marhum jurnalist, adib va ijodkorlarning oila a’zolari ham ishtirok etdi. Ular yaqinlari haqidagi iliq xotiralarini yodga olib, ularning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni kelajak avlod uchun asrab qolish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida jamlangan ma’lumotlar, arxiv materiallari va fotosuratlar asosida «Yo‘qotilmagan meros» nomli kitob nashr etish taklifi ham ilgari surildi. Mazkur nashrda Buxoro jurnalistikasi tarixida munosib iz qoldirgan ustozlarning hayoti va ijodiy merosini jamlash, ularning faoliyatini keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA