Xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Germaniyaning KfW IPEX-Bank GmbH Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘yicha direktori Yekaterina Galitsina bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uning sifat va samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tomonlar ta’lim sohasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, yangi qo‘shma loyihalar va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, umumta’lim maktablarida nemis tilini o‘qitish ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, malakali mutaxassislarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash hamda uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida baholandi.
N.Usmonova, O‘zA