Farmatsevtika sohasining investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov sohaga investitsiyalarni jalb etish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, “Sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish: farmatsevtika va tibbiy texnologiyalarda innovatsiyalar hamda investitsiyalar” mavzusidagi pitch-sessiya tashkil etilib, unda O‘zbekistonning tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi investitsiya salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar taqdim etildi.
Sessiyada xalqaro kompaniyalar vakillari, investorlar hamda soha ekspertlari ishtirok etib, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Forum doirasida Polshaning “Polpharma” kompaniyasi tarkibidagi “Polpharma Santo” korxonasi bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida farmatsevtika ishlab chiqarishini rivojlantirish, innovatsion dori vositalarini mahalliylashtirish va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Philips” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda raqamli sog‘liqni saqlash, zamonaviy diagnostika tizimlari, yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar hamda tibbiy infratuzilmani modernizatsiya qilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Shveysariyaning “Medical Standard GmbH” kompaniyasi bilan tibbiy texnika va tibbiy texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashinuv memorandumi imzolandi.
Forum doirasida Agentlik direktori Abdulla Azizov xalqaro tahliliy nashr — Oxford Business Group uchun intervyu berdi. Suhbat davomida O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tibbiyot va farmatsevtika xabi sifatida shakllanish strategiyasi, sohadagi investitsiya imkoniyatlari, raqamlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur uchrashuvlar, muzokaralar va erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro tibbiyot va farmatsevtika bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA