Xalq murojaatlari hal etilmoqda
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi — davlat idoralari faoliyatining eng muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, aholi dardu tashvishlarini o‘z vaqtida eshitish va ularga qonuniy yechim topish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona bugun xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli muloqot ko‘prigiga aylanib, har bir murojaat ortidagi inson taqdiriga alohida e’tibor qaratilayotganini namoyon etmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash, joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini baholash hamda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan hududlarda muntazam monitoring va o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Bu galgi o‘rganishlar manzili Buxoro viloyati bo‘ldi.
Prezident Xalq qabulxonasi jamoasi dastlab Romitan va Buxoro tumanlarida bo‘lib, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi chuqur tahlil qilindi. Xususan, hududlarda tashkil etilgan shtablar faoliyati, murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, shtablar faoliyatiga atroflicha baho berildi.

O‘rganishlar davomida har ikki tumanda sayyor va shaxsiy qabullar muntazam tashkil etilayotgani, aholi bilan ochiq muloqot qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etildi. Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati tomonidan esa murojaatlarga yanada mas’uliyat bilan yondashish, fuqarolarning muammolarini ular yashab turgan hududning o‘zida hal etish, har bir murojaatni chuqur o‘rganib, aniq natijaga erishish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Buxoro tumanida Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i qabuliga kirish istagini bildirgan fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari tinglandi hamda ko‘tarilgan masalalarning qonuniy yechimi yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shu kuni Buxoro viloyatida Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish ham o‘tkazildi. Unda aholi murojaatlari bilan ishlash holati har tomonlama tahlil qilinib, amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida Buxoro viloyati aholisidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga jami 21,6 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga kamaygani qayd etildi. Bu esa joylarda ko‘plab muammolarning murojaatga aylanmasdan turib hal etilayotgani, profilaktik yondashuv va manzilli ishlash samarasi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda tuman va shaharlarda murojaatlar bilan ishlash holati tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Sayyor va shaxsiy qabullarni tizimli tashkil etish bo‘yicha ijobiy tajribalar e’tirof etildi, ayrim yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarildi. Barcha hokimlar, hududiy davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlariga aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularni qonuniy va adolatli hal etish, mas’uliyatni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri