Tadqiqot xavotirning ilmiy asosga ega ekanini ko‘rsatmoqda
Daryoga tashlangan plastik butilka yoki paket yo‘qolib ketmaydi. U yillar davomida maydalanib, ko‘zga ko‘rinmas mikroplastik zarrachalarga aylanadi. Bu zarrachalar avval suvga, keyin baliq organizmiga, oxir-oqibat esa inson dasturxoniga yetib kelishi mumkin. Rossiya va O‘zbekiston olimlarining Sirdaryo havzasida o‘tkazgan so‘nggi tadqiqoti ana shu xavotirning ilmiy asosga ega ekanini ko‘rsatdi.
Rossiyaning Tomsk davlat milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Andijon davlat universiteti hamda Farg‘ona davlat universiteti olimlari 2025-yil davomida Sirdaryo havzasiga kiruvchi Qoradaryo va Chirchiq daryolarida yashovchi chuchuk suv baliqlarini o‘rganishdi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi daryo baliqlari organizmida mikroplastiklarning to‘planish darajasini aniqlash, shu orqali suv ekotizimining holati hamda inson salomatligi uchun ehtimoliy xavflarni baholashdan iborat bo‘ldi.
Laboratoriya sharoitida 61 ta baliq namunasi tahlil qilindi. Natijada baliqlarning hazm qilish tizimida o‘rtacha 2,61 ± 4,38 ta mikroplastik zarracha mavjudligi aniqlandi. Tana vazniga nisbatan esa bu ko‘rsatkich 86,3 ± 130 ta zarracha yoki 241 ± 636 mikrogramm/килогрaммни tashkil qildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, baliqlar organizmidagi mikroplastiklarning asosiy qismini tolasimon zarrachalar tashkil etgan. Qoradaryo va Chirchiq daryolaridan ovlangan baliqlar o‘rtasida mikroplastik miqdori bo‘yicha sezilarli farq kuzatilmagan. Shuningdek, baliqning turi, jinsi va yoshi ham ushbu ko‘rsatkichga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan. Biroq baliqning vazni va uzunligi ortishi bilan uning hazm qilish tizimida mikroplastiklar miqdori ham ortib borishi statistik jihatdan tasdiqlangan.
Tadqiqotchilar baliqlar organizmida asosan polietilen (PE), polietilentereftalat (PET), polipropilen (PP) va poliefirsulfon (PES) polimerlarini aniqladi. Shu bilan birga, toksik xususiyatga ega poliakrilonitril (PAN), poliuretan (PUR) hamda polivinilxlorid (PVC) kabi polimerlar ham qayd etildi.
Polimer xavf indeksi (PHI) bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra, aniqlangan mikroplastiklar o‘rtacha ekologik xavfning III toifasiga mansub deb baholangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur tadqiqot Sirdaryo havzasidagi chuchuk suv baliqlari organizmida mikroplastiklar mavjudligini ilmiy jihatdan birinchi marta tasdiqladi. Bu esa mamlakatimizda daryolar holatini muntazam monitoring qilish, plastik ifloslanishini kamaytirish va suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha tizimli choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot Rossiya va O‘zbekiston olimlari — Yuliya Frank, Svetlana Vorobyova, Alijon Husanov, Sirojiddin Namozov, Yegor Vorobyov, Mansur Yo‘ldoshov, Islomjon Zokirov, Dilyorbek Karimjonov, Jobir Sobirov va Danil Vorobyov hammuallifligida amalga oshirildi. Ularning "Microplastics ingested by freshwater fish in rivers of the Syr Darya basin and associated ecological risks" nomli ilmiy maqolasi 2026-yil 18-aprel kuni xalqaro Environmental Science and Pollution Research jurnalida chop etildi hamda PubMed xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasiga kiritildi. Bu esa tadqiqot natijalari xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganini anglatadi.

Masalaning dolzarbligi shundaki, mikroplastiklar bugungi kunda faqat ekologik emas, balki tibbiy muammo sifatida ham baholanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra, inson organizmiga mikroplastiklar asosan ichimlik suvi, oziq-ovqat mahsulotlari va havo orqali tushadi.
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda mikroplastik zarrachalar inson qoni, o‘pkasi, jigari, buyraklari va yo‘ldosh (platsenta) to‘qimalarida ham aniqlangan.
Hozircha mikroplastiklarning inson salomatligiga uzoq muddatli ta’siri to‘liq o‘rganilmagan. Biroq xalqaro ilmiy izlanishlar ular yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytirishi, hujayralarga zarar yetkazishi, immun va endokrin tizimlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, plastmassa tarkibidagi kimyoviy moddalar hamda og‘ir metallarni organizmga tashuvchi vosita vazifasini bajarishi mumkinligini qayd etmoqda.
Yevropa Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (EFSA) ham mikroplastiklarning oziq-ovqat zanjiri orqali inson organizmiga tushishi bilan bog‘liq tadqiqotlarni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlaydi.

Olimlar muammoning oldini olish uchun daryo va boshqa suv havzalariga plastik chiqindilar tushishini keskin qisqartirish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish, oqova suvlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tozalash, bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish hamda mikroplastiklar bo‘yicha doimiy ekologik monitoringni yo‘lga qo‘yishni muhim vazifalar sifatida ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bu muammoni faqat davlat yoki olimlar sa’y-harakati bilan hal etib bo‘lmaydi. Atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat, plastik chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Sirdaryo havzasi daryolarida aniqlangan mikroplastiklar hozircha laboratoriya hisobotlaridagi raqamlardek tuyulishi mumkin. Ammo har bir raqam ortida suv ekotizimi, inson salomatligi va kelajak avlod xavfsizligi mujassam. Bugun tabiatga tashlangan bir parcha plastik yillar o‘tib yana insonning o‘ziga qaytishi ehtimoldan xoli emas. Demak, daryolarni asrash — faqat tabiatni emas, balki o‘z salomatligimiz va kelajagimizni asrash demakdir.
Izoh: Ushbu material Rossiyaning Tomsk davlat milliy tadqiqot universiteti Biologiya instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Andijon davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti olimlari hammuallifligida tayyorlangan "Microplastics ingested by freshwater fish in rivers of the Syr Darya basin and associated ecological risks" nomli ilmiy maqola, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) hamda Yevropa Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (EFSA)ning ochiq manbalarda e’lon qilingan ilmiy ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri