Buxoroning tarixiy obidalari rassomlar nigohida
FOTOREPORTAJ
Buxoro o‘zining betakror tarixiy-me’moriy obidalari va boy madaniy merosi bilan dunyoga tanilgan. Ochiq osmon ostidagi noyob muzey sifatida e’tirof etilgan qadimiy shaharga har yili minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi.
Tarixiy obidalar, qadimiy ko‘chalar va asrlar nafasi ufurib turgan maskanlar sayyohlarni nafaqat tomoshaga, balki ijodga ham chorlamoqda. Ayniqsa, Ark qo‘rg‘oni, Minorai Kalon, Poyi Kalon majmuasi kabi tarixiy-me’moriy yodgorliklar rassomlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbaiga aylangan. San’at ahli ushbu obidalarning me’moriy jozibasi, tarixiy qadr-qimmati va milliy ruhini o‘z asarlarida badiiy talqin etmoqda.
Buxoroda o‘tkazilgan xalqaro Biyennale festivali shaharning jahon madaniy hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamladi. Mazkur nufuzli ijodiy maydon turli mamlakatlardan tashrif buyurgan rassomlar, san’atshunoslar va madaniyat namoyandalarini birlashtirib, Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro maydonda keng namoyon etdi.
[gallery-30262]
Bugun mahalliy va xorijiy rassomlar tomonidan yaratilayotgan rangtasvir, grafika va akvarel asarlari xalqaro ko‘rgazmalar, galereyalar hamda shaxsiy kolleksiyalarda namoyish etilmoqda. Bu asarlar orqali Buxoroning tarixiy qiyofasi, milliy qadriyatlari va madaniy boyligi dunyo jamoatchiligiga keng tanitilmoqda.
Shubhasiz, bunday madaniy tadbirlar va ijodiy hamkorliklar Buxoroning jahon turizmi va madaniyati markazlaridan biri sifatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ular xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni rivojlantirish, milliy madaniy merosni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA