Xalq ishonchi – yuksak mas’uliyat
Deputatlik – xalq ishonchini oqlash, saylovchilar manfaatini himoya qilish va ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish mas’uliyati. Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Nilufar Ja’farova ham o‘z deputatlik faoliyatida bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda, aholining har bir murojaatiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Joriy yilning o‘zida deputat tomonidan saylovchilar murojaatlari asosida hokimliklar va mutasaddi idoralarga o‘ndan ortiq deputatlik so‘rovi yo‘llanib, ularda ko‘tarilgan masalalar ijobiy hal etilishiga erishildi.
Jumladan, Kamongaron mahallasida yashovchi M.Maqsadovning murojaati asosida Urgut tuman hokimligiga yo‘llangan deputatlik so‘rovida ko‘p qavatli uyning umumiy foydalanishdagi yerto‘la qismidan tadbirkor noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgani va bu aholi uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani qayd etilib, masalani ijobiy hal etish so‘ralgan.

– So‘rov asosida masala o‘rganilib, ko‘p qavatli uyning yerto‘lasi tadbirkordan olib qo‘yilib, shu uyda yashovchilarning umumiy foydalanishi uchun qaytarib berildi, – deydi deputat Nilufar Ja’farova. – Bu oddiy bir masalaning yechimi emas, balki aholi huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi amaliy natija bo‘ldi. Shu yilning fevral oyida Samarqand viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga yuborilgan deputatlik so‘rovimda Urgut tumani markaziy shifoxonasiga asosiy kirib-chiqish yo‘lining Navbog‘ mahallasi hududidan o‘tuvchi 1,5 kilometr qismi ta’mirtalab holatga kelib qolgani sababli yo‘lni ta’mirlashni so‘ragandim. So‘rovdan keyin mutasaddilar kelib, masalani o‘rgandi va yo‘l ta’mirlandi.

Deputat o‘z saylov okrugidagi mahallalarda sayyor qabullar, fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali ham aholi murojaatlarini tinglab, muammolarni hal etishga ko‘maklashmoqda. Masalan, Navbog‘ mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda shu hududda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor binosi oldidagi simyog‘ochni boshqa joyga ko‘chirishda muammolarga duch kelayotgani, tegishli tashkilotlar bunga e’tiborsiz qarayotganini qayd etib, deputatdan yordam so‘radi. Bu masala ham deputat aralashuvi bilan ijobiy hal etildi.
– Xalq ishonchi – yuksak mas’uliyat, – deydi N.Ja’farova. – Buni har kuni, har lahzada his qilib, ishlashga harakat qilaman. Chunki vakillik organiga saylangan besh yillik vaqt ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketadi, qachonki bu davrda saylovchilar bilan yaqin bo‘lib, ularning chinakam vakiliga aylana olsangizgina ular bildirgan ishonchni oqlagan bo‘lasiz.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri