WADA tizimida “Parij-2024”ga doir ma’lumotlar o‘zbek tilida taqdim etildi
Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning ADEL platformasiga “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun antidoping qoidalarining o‘zbek tilidagi varianti yuklandi.
Endilikda mamlakatimiz sportchilari, murabbiylar va sport jamoatchiligi vakillari, shuningdek, dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha insonlar WADA kommunikatsiya tizimlarining tegishli havolasi orqali yozgi Olimpiya o‘yinlarida dopingdan himoyalanish xususidagi ma’lumotlar, kerakli dasturlar bilan tanishishi, zarur ko‘rsatmalarga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalariga ega sportchilar va ularning murabbiylari musobaqalarda qo‘llanilishi taqiqlangan vositalar xususidagi batafsil ma’lumotlarni olishlari va yakunda WADA tomonidan taqdim etiladigan sertifikatni yuklab olishlari uchun keng imkoniyat yaratildi.

Joriy yil may oyida poytaxtimiz Toshkentda Butunjahon antidoping agentligi (WADA) Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi davomida Butunjahon antidoping agentligi va O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda WADA tizimidagi rasmiy hujjatlar o‘zbek tilida ham olib borilishi belgilangan. Shu asosda WADAning ADEL platformasiga “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun antidoping qoidalarining o‘zbek tilidagi ma’lumotlari joylashtirildi.
Bugungacha ingliz va fransuz tillarida taqdim etilib kelinayotgan WADA qoidalari, uning tegishli kodekslari, zarur ma’lumotlari o‘zbek tilida ham yuritilishi sari dadil qadam tashlandi.
Ta’lim, dopingga qarshi kurash, terapevtik istisnolar kabi standartlar bundan keyin WADAning internet tarmoqlarida o‘zbek tilida berib borilishi imzolangan kelishuv hujjatida o‘z aksini topgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA