Superliga: 25-tur bahslari keskin kurashlar ostida o‘tmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Tur doirasidagi yakunlangan bahslarda «OKMK» g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Dinamo» — «Andijon» hamda «Qizilqum» — «Lokomotiv» uchrashuvlarida g‘olib aniqlanmadi.
Olmaliqda kechgan «OKMK» — «Qo‘qon-1912» bahsi mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvda hisob 22-daqiqada ochildi: Mirjamol Qosimov Abubakr Rizo Turdialiyev uzatmasidan keyin to‘pni raqib darvozasiga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda ham murosasiz kurash davom etdi. Shohrux G‘adoyev 86-daqiqada hisobni tenglashtirib, mehmonlarga umid bag‘ishladi. Biroq, uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda Siyavash Haqnazariy Avazbek O‘lmasaliyev uzatmasidan keyin g‘alaba golini kiritib, OKMKga muhim uch ochkoni taqdim etdi.
«Dinamo» va «Andijon» o‘rtasidagi bahsda esa jamoalar bir ochkodan bo‘lishdi. Uchrashuvning asosiy vaqti yakuniga yaqin Ulug‘bek Abdullayev 85-daqiqada samarqandliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo «Andijon» futbolchilari so‘nggi daqiqalarga qadar kurashni davom ettirib, 90+2-daqiqada Odil Abdumajidovning goli evaziga muvozanatni tikladi — 1:1.

«Qizilqum» — «Lokomotiv» uchrashuvida ham tomonlar g‘alabani ilib keta olmadi. Shahzodbek Rahmatullayev 3-daqiqada Jambuli Jigauri uzatmasidan keyin hisobni ochib, navoiyliklarni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limning 40-daqiqasida esa Bilol Tupliyev Sardor Mirzayev uzatmasini golga aylantirib, «Lokomotiv»ga tenglikni qaytardi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi — 1:1.

25-tur uchrashuvlari bugun ham davom etadi. «Xorazm» o‘z maydonida «Navbahor»ni qabul qiladi. Uchrashuv soat 18:30 da boshlanadi.
Mazkur bahsni Ravshan Abduvohidov boshqarib boradi. Unga qanotlarda Avaz Abdullayev va Abdurashid Erkinov yordam beradi. To‘rtinchi hakam — Dilshod Ahmedov. VAR hakami Akobirxo‘ja Shukrullayev, AVAR hakami Husan Xudoyberdiyev etib belgilangan. Bahs nazoratchisi Baxtiyor Namozov, uchrashuv komissari esa Oybek Davletmuratov bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA