Voleybol: hakamlar o‘quv-seminarda ishtirok etdi
Mamlakatimizda o‘yin sport turlarini, xususan, voleybolni yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, ushbu sport turi bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmani yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024 yilning 19 iyulida davlatimiz rahbari tomonidan “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolangandi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida voleybol bo‘yicha respublikamizda faoliyat yuritayotgan 30 nafar hakamlar uchun tashkil etilgan o‘quv-seminar ham mazkur qaror ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Mahoratli sportchilarni saralash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga hamda o‘tkaziladigan musobaqalarning darajasini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar davomida hakamlar amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Seminar yakunida o‘z iqtidori va hakamlik qobiliyatini namoyish etganlarga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, mamlakat voleybol federatsiyasi tomonidan sertifikatlar taqdim etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA