Vobkentda zamonaviy agrologistika markaziga asos solindi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati Vobkent tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksportga tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy agrologistika va omborxona markazi qurilishi boshlandi.
Loyiha “MB IMPORTERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ikki bosqichda amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati 3 million 800 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Buning uchun 1,29 gektar yer maydoni ajratilgan.
Majmua “Panob” kichik sanoat zonasi hududida barpo etiladi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, saralash, qayta ishlash, 5 ming tonnagacha mahsulotni uzoq muddat saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va logistika xizmatlari yagona tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bu kabi kompleks respublikada ilk bor tashkil etilmoqda.
[gallery-30570]
Loyiha doirasida zamonaviy omborxona, tezkor logistika va eksportga yo‘naltirilgan tezkor-yetkazish xizmatlari ham tashkil etiladi. Majmua to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 640 milliard so‘mlik mahsulot aylanmasi ta’minlanishi, davlat byudjetiga 38 milliard so‘mdan ziyod tushum keltirishi hamda 30 million AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar aylanmasiga erishilishi kutilmoqda.
Shuningdek, korxonada 85 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi. Loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, eksport salohiyatini oshirish va hududning logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA