O‘quvchilar bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishdi
Sirdaryo viloyatida 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari qoshidagi akademik litseylarga kirish test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan imtihonlarda 1400 nafardan ortiq abituriyent o‘z bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Test sinovlari belgilangan tartib va talablar asosida, ochiqlik, shaffoflik hamda adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazildi. Imtihon jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish va tartib-intizomni ta’minlash maqsadida 50 nafardan ortiq tajribali nazoratchi jalb etildi.


Sinovlar boshlanishidan avval guruh nazoratchilariga imtihonlarni amaldagi tartiblar asosida tashkil etish, abituriyentlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha yo‘riqnomalar berildi.



Imtihon jarayonlarida ishtirokchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Abituriyentlar belgilangan vaqtda ro‘yxat asosida imtihon binosiga kiritilib, test materiallari tartib asosida tarqatildi. Jarayonlar mas’ul xodimlar va nazoratchilar kuzatuvida tashkil etildi.

— Test sinovlari davomida shaffoflik va xolislikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa har bir ishtirokchining bilim va tayyorgarligini xolis baholashga xizmat qildi, — deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Mamarajabov.

Akademik litseylarga kirish test sinovlari iqtidorli va bilimli yoshlarni saralab olish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda kelgusida malakali kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Endi abituriyentlar test natijalari e’lon qilinishini kutishmoqda. Imtihon yakunlari esa ularning akademik litseylarda ta’lim olish imkoniyatlarini belgilab beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri